Purviqor togʻlar, zilol soylar goʻshasi – Shohimardon sayyohlarni kutmoqda
Foto: Халқ сўзи
Dilbar va malohatli tabiati tufayli Oʻzbekiston Shveysariyasiga qiyoslanuvchi Shohimardon bahor va yoz faslida oʻz koʻrku tarovatini qisqa fursat koʻz-koʻz qiladi. Ammo bu uzoq-yaqindan tashrif buyuruvchi sayyohlarning qalbida bir umr unutilmas taassurotlar qoldiradi.

— Shohimardon qishlogʻi asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan oʻziga xos qadriyat va anʼanalariga ega, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi turizm mutaxassisi Manzura Moʻminova. — Dilbar Fargʻonaning tabiati eng goʻzal va betakror boʻlgan ushbu hududida turizmni rivojlantirishda ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tarixiy ziyoratgoh va madaniy obidalar tomoshasi, Shohimardon taomlari boʻyicha mahorat darslari, mevazor bogʻlarga sayohat, milliy dorbozlik sanʼati, oʻlan va laparlar kuylanadigan musiqiy dasturlar shular jumlasidandir.

Fargʻona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Bahodir Hoshimovning “Xalq soʻzi” muxbiriga xabar berishicha, 2022-yil yoz mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida yangi yoʻl koʻrsatkichlari, yoʻl xaritalari ishlab chiqildi. Sayyohlar uchun axborot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shohimardondagi oʻttizdan ortiq dam olish maskanlari kapital taʼmirdan chiqarilib, bir kunda ming nafardan ziyod sayyohlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasining Batken viloyati masʼullari bilan hamkorlikda ikki mamlakat boʻylab maroqli sayohatni oʻz ichiga olgan uch, besh, yetti kunga moʻljallangan dasturlar tayyorlandi.


Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring