Propiska tizimini isloh qilish ichki migratsiyani erkinlashtiradi
Arxiv foto
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish zarurligi va bu vazifa bilan bogʻliq yana bir masala – asosiy ishchi kuchi yashaydigan hamda ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlar oʻrtasida tafovut mavjudligi, buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirishdan iborat ekanligiga toʻxtalib, bunda parlament va hukumat propiska masalasini ijobiy hal qiladigan tizim ishlab chiqishi kerakligini taʼkidlagan edi.
OʻzLiDeP oʻzining saylovoldi dasturida ham mamlakatimizdagi shaharlarni dunyoning rivojlangan megapolislari modeli asosida taraqqiy ettirish, ularning ishbilarmonlik va biznes markazlariga, tan olingan fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat markazlariga aylanishini taʼminlash, “aqlli va xavfsiz shaharlar” konsepsiyalarini, shuningdek, shaharlar va qishloqlar rivojlanishining uzoq muddatli dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taklif etib, ushbu dasturlar har bir yurtdoshimizga gʻamxoʻrlik qilish, iqtisodiyotning biznes drayveri sifatida shaxsiy tashabbusni ragʻbatlantirish gʻoyalarini ilgari surgan edi.
Bu gʻoyalar zamirida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, ichki migratsiyani erkinlashtirish, aholining oʻzi istagan joyda yashashi va ishlashini taʼminlash masalasi yotganligini inobatga olsak, bu boradagi asosiy toʻsiq – propiska masalasi ekanligi hech kimga sir emas. Oxir-oqibat bu masala biznes yuritish va tadbirkorlik layoqatiga ega shaxslarning, mutaxassislarning oʻz iqtidori, imkoniyatlarini toʻlaligicha namoyon etishlarini chekladi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, yaratilgan ish oʻrinlariga ishchilarni jalb etishda, tadbirkorlar, ishchilar va mutaxassislarning doimiy yoki vaqtincha yashab turishlari jarayonlarida muammolar yuzaga keldi.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasi hamda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan propiska tizimini isloh qilishga doir Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihalarni tayyorlashda fuqarolarning fikr-mulohazalari va ilgʻor xorijiy tajriba chuqur oʻrganilib, inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qoidalar va kafolatlarni belgilashga asosiy eʼtibor qaratildi. Mazkur hujjatlar loyihasining qabul qilinishi bilan endilikda fuqarolarga bir qator yengilliklar yaratish taklif etilmoqda.
Xususan:
– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida koʻchmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini toʻlash haqidagi talablar bekor qilinayotgani;
– fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat oʻzi doimiy roʻyxatda boʻlgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi nazarda tutilayotgani;
– boshqa hududlarda doimiy roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va viloyatida uyni umumiy mulk huquqi asosida oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod taʼminlash sharti bilan boshqa shaxsga berish, garovga (ipotekaga) qoʻyish, koʻchmas mulkdan voz kechish va koʻchmas mulkni oʻzgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlashda ham ijtimoiy norma toʻgʻrisidagi qoidalar inobatga olinishi lozimligi belgilanayotgani;
– ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi mumkinligi, shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy roʻyxat boʻyicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanayotgani;
– vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilayotgani;
– fuqarolarning Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga oʻzgartirilayotgani;
– doimiy va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish fuqaroning xohishiga koʻra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartirilayotgani;
– doimiy roʻyxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish, doimiy roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil roʻyxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy roʻyxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa boʻlimlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshirish va bir qator boshqa oʻzgarishlar nazarda tutilayotgani shular jumlasidan hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, mazkur hujjatlar xalqchil va muammoni hal etishga toʻgʻridan-toʻgʻri qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Chunonchi, ushbu hujjatlarga asosan propiska bilan bogʻliq 10 dan ortiq yoʻnalishlarda qonunchiligimiz oʻzgarishga yuz tutadi. Bu esa, fuqarolarimizning Konstitutsiyada belgilangan erkinlik va tenglik bilan bogʻliq uzviy huquqlarni yana-da kafolatlash imkonini beradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi propiska tizimining isloh etilishi mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtiradi va pirovardida aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratiladi, deb hisoblaydi. Bu esa partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan –“...urbanizatsiya jarayonini xalq bilan muloqot asosida loyihalashtirish zarur”, degan gʻoyasiga toʻla mos keladi, deb hisoblaydi.
Zafar XUDAYBERDIYEV,
Toʻlqinjon KARIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi
aʼzolari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring