Propiska boʻyicha qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?
Huquqshunos va ishchi guruh aʼzosi Nuriddin Murodov oʻzining telegram kanalida davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan farmoni mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi.
Ekspert bu borada qanday oʻzgarishlar boʻlishini quyidagicha izohlab oʻtdi:
— Toshkentdan uy sotib olish uchun propiska talab qilinmaydi;
— Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahridan uy sotib olinganda olganda undiriladigan oshirilgan qiymatdagi davlat boji (mulkning 5 foizi) bekor qilinadi;
— Endilikda propiska huquqiga ega tashkilot va idoralarning tavsiyasi bilan propiskaga ega boʻlgan xodimlar oʻsha idora va tashkilotdagi lavozimidan ketgan taqdirda ham “propiska”si bekor boʻlmaydi;
— Propiska olish uchun er (xotin) nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashashiga doir talab bekor boʻladi (qonun loyihasi kiritilmoqda);
— Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatda turgan fuqarolar maʼlum muddat boshqa hududda yashab, Toshkent shahri va qaytib kelganda shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinadi (qonun loyihasi kiritilmoqda);
— Oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga turish huquqini ega boʻladi (qonun loyihasi kiritilmoqda);
— 2020-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab esa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda ham “Yagona darcha” tamoyili asosida DXA boʻlimlari tomonidan propiskaga qoʻyish tizimi joriy etiladi;
— Roʻyxatga olish fuqaroning xohishiga koʻra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bir kun ichida amalga oshiriladi.
— Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga uzaytirildi;
— Doimiy roʻyxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechiladi;
— Harbiy xizmatga majburlarning doimiy roʻyxatga olishni rasmiylashtirish, roʻyxatdan chiqish idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi;
— Yangi tugʻilgan chaqaloqlar FHDYO organining oʻzida tugʻilish haqidagi guvohnoma berish jarayonida otasi yoki onasining yashash manzili boʻyicha doimiy propiska ega boʻladi;
— Toshkent shahri va viloyatida joylashgan davlat idoralarida 5 yil uzluksiz ishlagan xodim va mutaxassislar doimiy roʻyxatga olinadi;
— Uy-joy sotib olmagan fuqarolar notarial idoralarga murojaat qilganda ulardan propiska talab qilinmaydi;
— Farmondagi vazifalar ijrosi borasidagi qonun loyihasi yaqin kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi;
— Qonun loyihasi bilan kiritilishi koʻzlangan asosiy oʻzgarishlar “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga daxldordir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring