Prezident Uchinchi Renessansdan avvalgi ikkita Renessans qachon boʻlib oʻtganini maʼlum qildi
Prezidentning 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Uchinchi Ryenessansning mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtdi.
"Uchinchi Ryenessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak. Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlganini koʻramiz. Xalqimizning boy ilmiy, madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho meʼmoriy obidalar, nodir qoʻlyozmalar, turli asori-atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi.
Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadim. Hammamizga yaxshi maʼlum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mashʼalasi IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi desak haqiqat. Mana shuni hech qachon, hech qaysi birimiz unutmasligimiz kerak. Bu davrda yurtimiz hududida Birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur allomalarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamahshariy singari oʻnlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy, ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos taʼsir koʻrsatdi.
Islom madaniyatining oltin asri deb eʼtirof etilgan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Burhoniddiy Margʻiloniy, Abul Moʻyin Nasafiy kabi ulugʻ ulamolar butun musulmon olamining fahru iftixori hisoblanadi.
XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda Ikkinchi Uygʻonish, yaʼni Ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʻplab hattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi.
Dunyoda bunday davlat bormi? Shunday, shunday ulamolar, allomalar, olimlar bilan oʻsha davrda maqtana oladigan? Shu savolga hammamiz javob topa olamizmi? Bitta savolga har safar oʻzimizni qiynashimiz kerak. Shu buyuklarga biz bugun munosib davomchisi boʻlyapmizmi? Boʻla ololyapmizmi, harakat qilyapmizmi degan savol albatta hammamizni qiynashi kerak.
Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi", dedi davlat rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring