Prezident topshirigʻiga muvofiq Eronga insonparvarlik yordami yuboriladi va 28 yurtdoshimiz Oʻzbekistonga olib kelinadi

17:30 13 Mart 2020 Siyosat
1021 0

Eron Islom Respublikasi hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan murojaat qilgan edi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan Eronning ushbu murojaatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek mazkur xavfli infeksiyaga qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish maqsadida steril tibbiy qoʻlqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy ogʻirligi qariyb olti tonna boʻlgan tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yukini shakllantirish va yetkazib berish uchun masʼul etib belgilangan.

Shuningdek, Prezidentimizning alohida koʻrsatmasiga muvofiq, Mudofaa vazirligi tomonidan Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida ayni jarayonda Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi haydovchilar, tadbirkorlar, talabalar – jami 28 nafar vatandoshimiz olib kelinadi. Ular va samolyot ekipaji aʼzolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta muddatda karantinda saqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер