Prezident Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari Buxoroda ham soʻnggi yillarda katta oʻzgarishlar boʻlganini qayd etgan.
Jumladan, viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar oʻsib, 53 trillion soʻmdan oshdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishda 115 trillion soʻm investitsiya jalb qilindi, 4,6 mingta korxona ishga tushib, 90 mingta ish oʻrni yaratilgani, eksport 215 million dollarga yetdi, Qorakoʻl, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion soʻmdan oshgani aytib oʻtilgan.
Shu bilan birga, viloyat salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha viloyat rahbariyati, 13 ta tuman va shahar hokimlarining hozirgi faoliyati juda sustligi koʻrsatib oʻtildi.
“Buxoroning 4,2 million gektar yeri boʻlsa, 6 foiziga ekin ekiladi. Yana 3,2 million gektar yer – ishlatilmasdan turgan katta imkoniyat”, degan Prezident.
Shuningdek, viloyatdagi 60 ming tonna ip-kalavaning 57 foizi matoga aylanayotgani, qolgani xomashyo shaklida arzon sotilayotgani, matoning 24 foizi tayyor mahsulotga aylanayotgani hamda viloyatda 1 million 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksporti 15 million dollardan kam ekani tanqid ostiga olindi.
Yigʻilishda aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlikka koʻmaklashish masalalari koʻrib chiqildi.
Viloyatda bu oy 21,5 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni va ishsiz, kam daromadli aholini ish va daromad manbalari bilan taʼminlash – dolzarb vazifa ekani qayd etildi.
Yangi tayinlangan viloyat rahbarlari tadbirkorga yordam berib, Buxoroni kambagʻallik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish shartligi haqida ogohlantirildi.
Buxoroda kichik biznesga bu yili 5,9 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 2,1 trillion soʻm kredit ajratilishi eʼlon qilindi. Turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring