Pragmatik kadrlar siyosati – tizim rivojining eng muhim omili

13:07 01 Mart 2024 Jamiyat
231 0

Endilikda sud tizimida nazariya va amaliyotni chuqur oʻzlashtirgan, ish uslubi va kasb talablarini yaxshi tushunib yetgan oliy maʼlumotli kadrlarni ishga jalb qilish borasida muammolar yuzaga kelmaydi. Negaki 2023-yil oktyabr oyida Oliy sud huzurida “Boʻlajak sud xodimlari” klubi tashkil etildi. Shuning barobarida kadrlarni maqsadli tayyorlash va sudlardagi oliy maʼlumotli kadrlar yetishmovchiligi masalasiga konseptual jihatdan yondashib, muammolarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Bu, albatta, yangi ishga qabul qilingan xodimlarning adaptatsiyasi uchun talab etiladigan vaqtni tejashga va ish sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Aytish joizki, “Boʻlajak sud xodimlari klubi”ning tashkil etilishi sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yoʻnaltirishdan iboratdir.

Zotan, sudlar hokimiyati zimmasiga sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish kabi dolzarb vazifalar yuklatilganki, ularni faqat yuqori malakali, chuqur bilim va koʻnikmalarga ega kadrlargina amalga oshirishga qodir.

Shu bois, sud apparati xodimlarining jamiyatda ijtimoiy mavqeyini va obroʻ-eʼtiborini oshirish hamda meritokratiya (kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni tanlab olish)tamoyili asosida yuqori malakali kadrlar korpusini shakllantirish Oliy sud rahbariyati oldida turgan dolzarb masala boʻlib qolmoqda.

Shuni chuqur anglab yetishimiz zarurki, ishdagi sifat va natija, eng avvalo, faoliyat yuritayotgan kadrlarga bevosita bogʻliq. Albatta, jamoalarda ishchanlik muhitini yaratish bilan bir qatorda biz uchun xodimlarimizning dunyoqarashi, maʼnaviyati, kasbiy odob-axloqi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada, sud organlari “ustoz-shogird” anʼanalariga qatʼiy amal qilib kelmoqda.

Zamonaviy iqtisodiyot qonunlari davlat tashkilotlari va xususiy sektor oʻrtasida inson kapitali uchun doimiy raqobatni yuzaga keltirganidan koʻz yuma olmaymiz. Shu boisdan ham dastlabki bosqichdan boshlab kadrlarni tayyorlash uchun yoʻnaltirilgan har qanday saʼy-harakat bugungi kunning talabi va eng sermahsul investitsiyasi hamdir.

Bugun Oliy sud rahbariyati sudlardagi inson kapitalini rivojlantirishni soha uchun mutaxassislarni tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlaridan boshlash zarur, degan qatʼiy pozitsiyaga ega.

Taʼkidlash joizki, bu yoʻnalishdagi asosiy maqsadimiz oliy taʼlim tashkilotlarining “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarni sud organlari faoliyati va sudyalik kasbiga oid qonunchilikda belgilangan talablar bilan tanishtirish, nazariy bilimlardan kelib chiqqan holda qonunni amalda qoʻllash koʻnikmalarini shakllantirish va mustahkamlash, nazariya va amaliyotning uzviyligini taʼminlash, talabalarni kasbiy faoliyatiga mos ravishda vijdonli, halol, ochiq koʻngil, fidoyi hamda munosib mutaxassis sifatida tarbiyalashdir. Bunday ezgu maqsadga erishishimizda esa “Boʻlajak sud xodimlari klubi” bizga yaqindan yordam beradi.

Bugungi kunda sud tizimida amalga oshirilayotgan ochiq kadrlar siyosati, boʻsh ish oʻrinlari hamda sudlarda yaratilgan shart-sharoitlar bevosita oliy taʼlim tashkilotlari talabalari, yaʼni sudlardagi ish oʻrinlarining potensial talabgorlari bilan boʻlib oʻtayotgan uchrashuvlar orqali yetkazilmoqda. Bunday yondashuv va uslub sudlardagi kadrlar siyosatini tubdan oʻzgartirmoqda. Sud organlarida kadrlar bilan ishlash jarayoniga xedxanting (davlat organlari va tashkilotlarida hamda xususiy sektorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish), rekruting (yuqori malakali va amaliy tajribaga ega mutaxassislarni qidirish, tanlash hamda ishga faol jalb qilish jarayoni) kabi zamonaviy

HR-menejment elementlari kirib kelmoqda. Sud organlari vakillari talabalar bilan uchrashuvlardan tortib, ish beruvchilar uchun tashkil etilayotgan “Karyera kunlari”gacha faol ishtirok etmoqda. Alohida qayd etishimiz kerakki, bunday hamkorlik nafaqat kadrlarni tayyorlash, balki ilmiy tadqiqotlar va izlanishlar uchun ham yangicha muhitni yaratmoqda.

Oʻtgan 2022-2023-yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti hamda Termiz davlat universiteti bilan yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi. Shuningdek, ushbu oliy taʼlim tashkilotlarining har biri bilan “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi talabalarining 2-kursdan boshlab, magistratura bosqichigacha uzluksiz ravishda sud organlarida amaliyotlarini tashkil etish yuzasidan qoʻshma qarorlar imzolandi. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlovchi “Alfraganus university” nodavlat oliy taʼlim tashkiloti bilan ham hamkorlik oʻrnatildi.

Bugungi kunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatish ishlari jadal olib borilmoqda.

Sud hokimiyati organlarining oliy taʼlim tashkilotlari bilan bunday darajadagi hamkorligi shu kunga qadar bunday koʻlam kasb etmaganini alohida taʼkidlashimiz joiz. Zero, sudlarga bir vaqtning oʻzida mingga yaqin talabalarni jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu raqamlar, albatta, oxirgi nuqta emas.

Oliy sud Kadrlar boshqarmasi yoshlar oʻrtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni targʻib etish yoʻnalishida ham faol ish olib bormoqda. Yoshlar ishlari agentligi va boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yurtdoshlarimiz oʻrtasida “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovini oʻtkazib, yoshlar va ularning ota-onalari oʻrtasida sudlarning jamiyatdagi oʻrni, sudlarda ish yuritish va qonunni qoʻllash yuzasidan targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Bunda, yoshlar tanlov shartlarini bajarish uchun hududlardagi ochiq sud jarayonlarida qatnashib, tajribali sudyalardan huquqiy-amaliy maslahatlar olish orqali oʻz bilimlarini yanada boyitishga muvaffaq boʻlmoqdalar.

Bu, oʻz navbatida, yoshlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bilan birga, ularda sud hokimiyatiga boʻlgan ishonch va kelajakda shu sohada mehnat qilishga boʻlgan qiziqishni orttirmoqda. Umuman olganda, biz uchun nafaqat huquqshunos talabalar, balki boshqa yoshlarning sud idoralariga boʻlgan munosabati juda muhim.

Zero, Davlatimiz rahbari tomonidan tizim oldiga qoʻyilayotgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda sudlarga bilimli va shijoatli yoshlarni olib kirish orqali kadrlar siyosatini yanada takomillashtirish, ularning samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga erishish imkoniyati mavjud, deb hisoblaymiz.

Muzaffar Muxitdinov,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi

Kadrlar boshqarmasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер