Popda megaloyihaning birinchi bosqichi ishga tushirildi
Foto: "Xalq so'zi"
Umumiy qiymati 85 milliard soʻmga teng mazkur loyiha tarkibidagi “Shofirkon ekvatorial teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi Pop tumanidagi “Anhor” mahallasida joylashgan. Uning birinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan dastlab 500 kishini ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish imkoniyati yuzaga keldi. Asosiy qismi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” roʻyxatidagi fuqarolardan iborat bu ishchilar endilikda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shugʻullanadilar.
Yangi korxona sobiq “Uzruberoid” MCHJning yillar davomida boʻsh turgan binolari oʻrnida barpo etildi. Rekonstruksiyadan soʻng ishlab chiqarishga moslashtirilgan bino va inshootlar Yaponiya, Turkiya, Italiya va Xitoy davlatlaridan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi.
Kuni kecha taqdimoti oʻtkazilgan korxonada yiliga 4 million dona jinsi mahsulotlari tayyorlanadi. Uning 70 foizini tashqi bozorga chiqarish orqali 28 million AQSH dollariga teng eksport amaliyotlari bajarish koʻzda tutilgan. Bu – boshlanishi. Loyiha davom ettirilib, keyingi yilda krossovkalar ishlab chiqarishga kirishiladi. Qoʻshimcha ravishda yana 200 kishining bandligini taʼminlash hisobiga yiliga 600 ming dona zamonaviy bichimda, sifatli poyabzallar tayyorlanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring