Ponani pona bilan chiqaradilar
Foto: Халқ сўзи
Yurtimizdagi paxtachilik xoʻjaliklari dalalarida chigit unib chiqdi, koʻklam seryogʻinligidan gʻallaning ham oʻsishi baravj. Galdagi vazifa bu niholu maysalarni turli ofat va zararkunandalardan himoya qilishdan iborat.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, zararli organizmlar mavsum mobaynida paxta va gʻalla hosilini 60-80 foizigacha nobud qilishi mumkin. Dunyo qishloq xoʻjaligida esa bunday hasharot va ekin zararkunandalarga qarshi kurashishda allaqachon biologik usuldan keng foydalanilmoqda. Bu amaliyot respublikamizda ham tobora ommalashib boryapti. Chunonchi, birgina Navoiy viloyatida 12 ta biolaboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yil viloyat dehqon va fermer xoʻjaliklari ekin maydonlarida zararkunandalarga qarshi biologik usul bilan kurashish uchun 163,0 kilogramm trixogramma, 72,0 million dona brakon va 160,0 million dona oltinkoʻz yetkazib beradi.
— Hozirgi kunda biolaboratoriyalarda zararkunandalarga qarshi asosan uch turdagi biomahsulotlar — oltinkoʻz, trixogramma va brakon ishlab chiqarilmoqda, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi sertifikatlash va metrologiya boʻlimi bosh inspektori Ulugʻbek Yusupov. — Ushbu biolaboratoriyalarda biomahsulotlar yetishtirish qonun-qoidalariga rioya etilishi yuzasidan inspeksiyamiz tomonidan nazorat-profilaktik tadbirlari oʻtkazilib, biolaboratoriyalar faoliyati orqali ekin maydonlarida tabiiy biofondni yaxshilash borasida masʼullarga yozma koʻrsatmalar berilmoqda.
Bevosita biomahsulotlar samaradorligiga kelsak, oltinkoʻz biolaboratoriyalar tomonidan asosan tuxum holatda tarqatilib, lichinkasi bir kunda 100 tagacha zararkunandani yoʻq qiladi. Trixogramma-makkajoʻxori parvonasi, karam kapalaklariga, koʻsak qurti va boshqa bir qancha tunlamlarga qarshi qoʻllaniladi. Bu entomofag koʻsak qurtining tuxumiga qarshi bir gektariga 1 gramm normada tarqatiladi.
Brakon-koʻsak qurtining oʻrta va katta yoshli qurtlariga qarshi qoʻllaniladi. Zararkunandalar zichligidan kelib chiqib, dalaga 1000 dona uchadigan yetuk zotli brakon qoʻyiladi.
Xullas, xalqimiz aytganidek, ponani pona bilan urib chiqaradilar. Ushbu usul ekologiya nuqtayi nazaridan mutlaqo bezarar boʻlsa, iqtisodiy jihatdan xiyla kamxarj.
— Viloyatdagi mavjud biolaboratoriyalarda boʻlib, muntazam monitoring va profilaktik tadbirlarni olib boryapmiz, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. — Taʼkidlash joiz, ayrim biolaboratoriyalarda biomahsulotlarni koʻpaytirishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, mahsulot sifatiga eʼtibor qaratmaslik, dalaga tarqatishdagi meʼyor buzilishi natijasida samarasi pasayishi holatlari uchrab turibdi. Shuningdek, mazkur biomahsulotlarning natijadorligi pasayishi sabablaridan yana biri joylarda foydali hasharotlarning avlodini yangilash ishlariga eʼtibor berilmayotganligidir.
Profilaktik tadbirlarda biolaboratoriyalarda koʻpaytirilayotgan mahsulotlarning samaradorligini taʼminlash, sifatini oshirish va zararkunandalarga qarshi natijadorligiga erishish uchun biomahsulotlar avlodini yangilash boʻyicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring