Polshadagi yangi elchimiz ishonch yorligʻi nusxasini topshirdi
Oʻzbekistonning Polshadagi yangi tayinlangan elchisi Amirsaid Aʼzamxoʻjayev ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauga ishonch yorligʻi nusxasini taqdim etdi. Uchrashuv davomida vazir 2022-yil iyun oyida amalga oshirilgan Toshkent va Samarqandga tashrifini, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan kechgan muloqotni samimiyat bilan yodga oldi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Polsha hamkorligi, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi, amaliy mazmun bilan boyigani, Yevropaning mazkur davlati ishbilarmon doiralari vakillarida oʻzbekistonlik sheriklar bilan aloqani rivojlantirishga qiziqish ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Polsha tashqi siyosat idorasi rahbari toʻqimachilik sanoatidagi hamkorlik istiqbolini yuqori baholar ekan, yurtimizdan yarim tayyor va tayyor yengil sanoat mahsulotlari eksporti har tomonlama ragʻbatlantirilishini maʼlum qildi.
Ikki davlat yaqin madaniy-gumanitar aloqaga egaligi, 2024-yil fevraldan Varshava – Toshkent – Varshava yoʻnalishi boʻyicha muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi yoʻlga qoʻyilishi diyorimizga kelayotgan polshalik sayyohlar soni koʻpayishi, oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Eslatib oʻtish joiz, elchi Amirsaid Aʼzamxoʻjayev 7-noyabr kuni Varshavaga kelgan. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan 38 yoshli diplomat bunga qadar Tashqi ishlar vazirligi konsullik va yuridik boʻlimida ishlagan, Istanbuldagi Bosh konsulligimizda konsul, 2020-yildan Bosh konsullik rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.
U 2015-yildan muvaqqat ishlar vakili, 2019-yil may oyidan boshlab Oʻzbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi sifatida Varshavadagi diplomatik missiya rahbari boʻlib ishlagan Bahrom Boboyev oʻrniga tayinlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring