Poʻlat Bobojonov Toshkentdagi jamoat transporti sharoitini yaxshilash borasida oʻrganish ishlarini olib bormoqda

11:08 22 Dekabr 2022 Jamiyat
506 0

Foto: IIV matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shaharidagi jamoat transporti sharoitini yaxshilash borasida avtobus saroylari va avtobuslar harakatlanadigan yoʻnalishlarda yoʻlovchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar va mavjud muammolarni oʻrganish ishlari davom etmoqda. Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan 13-dekabr kuni Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha bergan topshiriqlari yuzasidan tuzilgan idoralararo ishchi guruhi tomonidan tunu kun chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xizmat koʻrsatishni takomillashtirish maqsadida Toshkent shahrining Alisher Navoiy-Beruniy, Fargʻona yoʻli va Amir Temur koʻchalarida avtobuslar uchun 3 ta alohida yoʻlaklar tashkil etilib, bugungi kunga qadar 9,7 km. yoʻl yotiq chiziqlari bilan belgilangan. Umumiy, mazkur uchta yoʻnalish boʻyicha jami 43,7 km. yoʻnalishda alohida yotiq chiziq va 538 dona qoʻshimcha yoʻl belgilarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

Bunda avtobuslar harakatlanishi oraligʻini 10 daqiqagacha qisqarishiga, yoʻlovchilar soni esa 23 foizgacha oshishiga erishiladi.

Aholiga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha, bugungi kunga qadar, 148 ta yoʻnalishga qoʻshimcha 1 051 ta avtobus jalb etilgan. Yoʻlovchilarni ehtiyojlarini toʻliq qondirish uchun yangidan ajratilgan 204 ta avtobuslarning 147 tasi tegishli tartibda jihozlanib yoʻnalishlarga chiqarildi.

Marshrut grafigi va avtobuslar oʻrtasidagi intervalni kuzatish hamda har bir avtobusni nazorat qilish maqsadida yoʻnalishlardagi barcha avtobuslarga GPS tizimi oʻrnatildi. Eʼtiborlisi mazkur tizim xar bir avtobusni harakatini, grafikdan kech qolishini kuzatish imkonini berib, dispetcherlar tomonidan telefon orqali haydovchilar harakati muvofiqlashtiriladi.

Bundan tashqari, harakat tarkibini oʻz vaqtida marshrutga chiqarilish ustidan toʻlaqonli nazorat qilish uchun 7 va 18-avtosaroylar kirish va chiqish joylariga onlayn kuzatuv kamerlari oʻrnatilib, idoralararo tezkor ishchi guruh shtabiga integratsiya qilingan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida yoʻlovchilar soni va tushumlarning sezilarli darajada oʻsib borishi kuzatilmoqda.

Koʻpgina muammolar avtobuslar texnik holati qoniqarsizligi hamda haydovchilarning jamlanmaganidan vujudga kelgan, deb baholansa, haydovchilikka nomzodlar bilan amalga oshirilgan targʻibot ishlari natijasida, hozirda 541 nafar fuqaro avtosaroylarga ishga kirishga rozilik bildirgan boʻlib, ulardan 349 nafari haydovchi lavozimiga ishga qabul qilingan.

Albatta oʻrganishlar jarayonida bir qator muammolar ham aniqlanmoqda, masalan, 4-sonli avtobus saroyida xizmat binosi, oshxona va boshqa maishiy xizmat xonalarining ichki va tashqi koʻrinishlari qoniqarsiz holatga kelib qolgan, kosmetik taʼmirga muhtoj hamda tashqi hududi tartibga keltirilmagan.

Masʼullarning avtosaroy ishchilari bilan hamkorlikda, korxonaning xizmat binosi, oshxona va boshqa maishiy xizmat xonalarining ichki va tashqi koʻrinishlari hashar yoʻli bilan kosmetik taʼmirlanib, avtobus saroyning tashqi hududi tartibga keltirildi.

7-sonli avtobus saroyida hududga oʻrnatilgan 18 ta videokuzatuv kameralaridan 9 ta nosoz holatda ekanligi maʼlum boʻlib, ularning barchasi sozlandi, «Toshshahartransxizmati» AJga integratsiya qilindi.

12-avtobus saroyida ishchi guruhi tomonidan yoʻnalishlar faoliyati oʻrganilganda 133-son (Gulzor mahallasi – Qipchoq transport bogʻlanmasi) va 143-son (INDEX savdo majmuasi – Bobur maydoni) yoʻnalishlarda yoʻlovchilar oqimi kamligi kuzatildi. Shu sababli ushbu yoʻnalishlarga jalb etilgan avtobuslarni 133-son yoʻnalishda 5 tadan 3 taga va 143-son yoʻnalishda 7 tadan 4 tagacha qisqartirib, boshqa muammoli yoʻnalishlarga jalb etildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar haqida jamoatchilikka toʻliq axborot yetkazish uchun joriy yilning 24-dekabr kuni ommaviy axborot vositalari uchun alohida press-tur oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

Mazkur yoʻnalishda kundalik oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер