Pokiston maktablarida Bobur haqidagi mavzular oʻqitiladi — Husayn Odnan
Shoh va shoir tavalludiga bagʻishlangan tadbirlarning asosiy qismi uning nomi bilan ataluvchi maydondan boshlandi. Bu yerga tashrif buyurganlar dastlab buyuk bobokalonimiz haykali poyiga guldastalar qoʻydilar. Shundan soʻng soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovlar Boburning faoliyati va hayotiga oid yangi izlanishlar natijalari haqida fikr yuritdilar.
— Zahiriddin Muhammad Bobur yuksak qobiliyat egasigina boʻlib qolmay, qoʻmondon sifatida ham jahon hamjamiyatida munosib iz qoldirgan, — deydi Bobur nomli xalqaro jamoat fondining Qirgʻiziston Respublikasidagi boʻlimi rahbari Begijon Ahmedov. — Uning hayoti va ijodini qardosh xalqlar orasida keng targʻib qilish borasida samarali faoliyat yurityapmiz. Jumladan, joylarda uning tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtdi. Asarlarini tarjima qilish, qadamjolarini obod maskanlarga aylantirish maqsadiga qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda pokistonlik va hindistonlik bir guruh talabalar ham ishtirok etdi. Ular Bobur qalamiga mansub gʻazallarni oʻzbek tilida oʻqidilar.
— Pokiston maktablarida ham tarix fanida Bobur haqidagi mavzular oʻqitiladi, — deydi Andijon davlat tibbiyot institutining 4-bosqich talabasi Husayn Odnan. — Shuning uchun Boburiylar sulolasining Hindiston davlati rivojiga qoʻshgan hissasidan xabarim bor. Biroq, uning ijodi bilan Oʻzbekistonga kelgach tanishdim. Hozirda shoirning qalamiga mansub asarlarini oʻzbek tilida oʻqimoqdaman.

Shu kuni “Bobur izdoshlari” shiori ostidagi tadbir boʻlib oʻtdi. Unda harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, mehnat jamoalari va oʻquv muassasalari vakillari Navoiy nomli madaniyat va istirohat bogʻidan Bobur maydonigacha boʻlgan manzilda harbiycha yurish orqali oʻzlarining jangovar tayyorgarliklarini namoyish etdilar.
Shoh va shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirning badiiy qismi viloyat hokimligi binosida davom etdi. Boburning gʻazallari kuylarga, kuylar esa sahna koʻrinishlariga ulandi. Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa manzillarida ham davom etmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring