Pokiston Eronga javob hujumini uyushtirdi. Qurbonlar bor
Foto: Tasnim News Agency
10 nafar Pokiston fuqarosi Pokiston harbiylarining Eron hududiga uyushtirgan zarbasi qurboni boʻldi.
Bu haqda IRNA axborot agentligi Eronning Siston va Balujiston muzofoti gubernatori oʻrinbosari Alirizo Marhamatiga tayanib xabar bermoqda.
“Pokiston armiyasi ertalab soat 04:30 atrofida Eronning chegaradagi qishloqlaridan biridagi uchta turar-joy hududiga uchta uchuvchisiz uchoq bilan hujum qildi. Bu hujumlar natijasida toʻrtta turar-joy binosi vayron boʻldi, oʻnga yaqin ayol va bolalar halok boʻldi”, — deyiladi xabarda.
Marhamatining taʼkidlashicha, Eron razvedkasi va boshqa idoralari hozirda Pokiston fuqarolari qanday qilib mamlakatga kirib, yashirincha yashashga muvaffaq boʻlganini aniqlamoqda.
Shu yilning 16-yanvar kuni Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Pokistonning Eron bilan chegaradosh Balujiston muzofotida joylashgan “Jaysh al-Adl” terrorchilik guruhining asosiy bazasiga ballistik raketa va uchuvchisiz samolyotdan hujum uyushtirdi.
Bu Eron qurolli kuchlarining Pokiston hududiga birinchi raketa zarbasi hisoblanadi.
Shundan soʻng Pokiston Eronning oʻz hududiga hujumini qabul qilib boʻlmaydigan va noqonuniy harakat deb hisoblashini maʼlum qildi.
“Bu noqonuniy qadam mutlaqo nomaqbul va hech qanday asosga ega emas. Pokiston bu noqonuniy harakatga javob berish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Buning oqibatlari uchun javobgarlik Eronda boʻladi”, — deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) matbuot kotibi.
Shu oʻrinda Pokiston TIV zarba xalqaro qonunlarga va BMT Nizomiga zidligini qayd etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring