Poytaxtda noqonuniy diniy taʼlim berish bilan shugʻullangan talaba va uning oʻqituvchisi qoʻlga olindi (+video)

14:13 08 Aprel 2026 Jamiyat
237 0

Toshkent shahrida noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari fosh qilindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda 1992-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat oliy taʼlim muassasasining 2-bosqich talabasi Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birini ijaraga olib, moddiy manfaatdorlik evaziga, 2014-2021-yillar oraligʻida tugʻilgan 9 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy saboq berib kelgani aniqlangan.

Shundan soʻng, tekshiruv davomida 49 dona turli diniy mazmundagi kitoblar, 24 dona diniy darsliklar yozilgan daftarlar hamda 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda esa ularga turli darajada tan jarohatlari ham yetkazilgani oshkor boʻlgan.

Bundan tashqari, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumtaʼlim maktabidagi darslarga bormagan, aksincha, majburan uyda saqlanib, hatto ularga koʻchaga chiqishga ham ruxsat berilmagan.

Hozirda ushbu manzildan olingan diniy adabiyotlar va kompyuter texnikasi yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, qonunbuzar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shuningdek, bolalarning ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 47-moddasi asosida maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Yangihayot tumanida kuzatilgan boshqa holatda esa, yuqorida keltirilgan talabaning nodavlat oliy taʼlim muassasasidagi oʻqituvchisi ham ijara xonadonda bolalarga noqonuniy tarzda diniy saboq berayotgani maʼlum boʻlgan.

Xususan, 1987-yilda tugʻilgan ushbu shaxs va uning turmush oʻrtogʻi tomonidan 2009-2018-yillar oraligʻida tugʻilgan 5 nafar bolalarga saboq berilgan boʻlib, ular orasida Tojikiston Respublikasi fuqarosining ham farzandi borligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda ushbu holat boʻyicha tegishli ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер