Poyezdlardagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha komissiya tuzildi — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoʻlovchi tashish vagonlariga konditsionerlar oʻrnatish masalasi koʻp muhokama qilinmoqda. Bunga asosiy sabab, noodatiy tabiiy issiqlik vagonlarning sovitish tizimida uzilishlar keltirib chiqarayotganini keltirish mumkin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati yurtdoshlarimizdan ushbu masalaga befarq boʻlmaganliklari uchun minnatdorchilik bildiradi hamda yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr soʻraydi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yoʻlovchi poyezdlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha komissiya tuzildi. Joriy yilning 10-iyun kuni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi X. Xasilov boshchiligida ishchi komissiya “Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mavjud muammolarni hal qilish masalasi atroflicha muhokama qilindi va chora tadbirlar belgilab olinib, tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Belgilangan chora tadbirlarga koʻra:
— birinchidan, poyezd oʻz manziliga ketishidan oldin 40 daqiqalik vaqt oraligʻida manyovrga (lokomotivni yoʻlovchi vagonlaridan uzib qoʻyish) oʻtkazishga qaror qilindi. Bu esa oʻz navbatida yoʻlovchi vagonlarining elektrsiz turish vaqtini kamaytiradi. Chunki konditsioner tizimi lokomotivsiz ishlamaydi.
— ikkinchidan, “Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi”" AJ bosh direktori va uning oʻrinbosarlariga yoʻlovchi poyezdlarida tekshiruv safarlarini oʻtkazish va vagonlarda konditsioner tizimi ishlashini shaxsan tekshirish topshirildi.
— uchinchidan, yoʻl davomida yoʻlovchilarga oʻz vaqtida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida har bir yoʻlovchi vagonlari tarkibiga tibbiyot xodimlarini biriktirish vazifasi qoʻyildi. Aytish joizki, poyezdlarda tibbiyot xodimlari bilan bunday amaliyot boshqa mamlakatlarda qoʻllanilmaydi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, vagonlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni modernizatsiya qilish belgilangan tartibda va tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, ikki kun davomida (joriy yilning 5-6-iyun kunlari) “Ishonch telefoni”ga 3 mingdan ortiq qoʻngʻiroq orqali murojaatlar kelib tushgan (1005). Shulardan faqat 2 ta qoʻngʻiroq poyezdning konditsioner tizimidagi muammolar bilan bogʻliq boʻlib, 5 ta qoʻngʻiroq qoʻngʻiroq qiluvchilar tomonidan ishonch telefoni operatori javob berguniga qadar rad etilgan.
Bugun “Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi” AJ direktori va uning oʻrinbosarlari boshchiligida yoʻlovchi poyezdlarida tekshiruv safarlari boshlandi.
Hasan PAYDOYEV
(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring