Pochta aloqasiga oid qonunchilik ijrosi — parlament nazoratida
Milliy taraqqiyot, aholining yashash darajasi va turmushi sifatini oshirishda xizmatlar sohasi ulkan ahamiyatga ega. Xizmat koʻrsatish sohasi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda eng muhim manba hisoblanadi. Bugungi dunyo tajribasi ham har qanday mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmini oshirishda, aholi bandligini taʼminlashda, odamlar yashash farovonligi darajasini belgilashda aynan ushbu soha yetakchi omil ekanini koʻrsatmoqda. Albatta, xizmatlar sohasida pochta aloqasi ham muhim oʻrin tutadi.
Xizmat koʻrsatish sohasiga nisbatan talabning oshib borishi, tabiiyki, pochta aloqasi xizmatlarini rivojlantirishga turtki berib, tizimga yangi texnologiyalarni joriy etish va yangicha xizmat turlarini taklif etish imkoniyatlarini ham yaratdi. Bugunga kelib, pochta aloqasi xat yoki joʻnatmalardan tashqari, tovarlar yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha oʻz infratuzilmasiga ega tarzda rivojlanib borayotgan faol sohaga aylanib ulgurdi. Ushbu sohada belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirilishida qonunchilik ijrosini taʼminlash gʻoyat muhimdir.
Joriy yilning 28-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi toʻgʻrisida»gi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosi holatini oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi.
Qayd etilishicha, keyingi 3-4 yilda Oʻzbekistonda pochta aloqasi sohasi jadal rivojlandi. Birinchi galda, sohaga oid tegishli qonunchilik takomillashtirildi, alohida hujjatlar, rivojlantirish dasturlari qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori doirasida pochta aloqasi milliy operatorining logistika tizimi yaxshilandi, moddiy-texnik bazasi yangilandi, pochta aloqasi obyektlari zamonaviy jihozlandi va boshqa imkoniyatlar taqdim etildi. Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida toʻlovlarni qabul qilish tizimi yaratildi, pochta aloqasi orqali 60 dan ortiq davlat xizmatlari amalga oshirildi, elektron tijorat tovarlarini yetkazib berish xizmati ishga tushirildi.
Deputatlar tomonidan sohaga oid qonunchilik ijrosini toʻlaqonli taʼminlashga xizmat qiluvchi omillar va yutuqlar bilan bir qatorda ayrim muammolar va ularning yechimi boʻyicha masalalar ham qizgʻin muhokama qilindi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur qarorning hududlarda pochta aloqasi korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga doir bandlari bajarilmagani deputatlarning tanqidiga sabab boʻldi.
Taʼkidlanishicha, bunday bandlar jami 89 ta boʻlib, ulardan 68 tasi bajarilgan, qolgan 21 ta, jumladan Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida 4 tadan, Sirdaryo viloyatida 3 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Buxoro viloyatida 2 tadan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan band mahalliy hokimiyat organlari tomonidan mablagʻlar bilan toʻliq taʼminlanmaganligi sababli toʻliq bajarilmagan. Deputatlar ushbu bandlar ijrosini parlament nazoratiga olishga kelishib olishdi.
Xalq vakillarining yana bir eʼtirozlariga sabab boʻlgan masala — Pochta aloqasi rivojlanishining integratsiyalashgan indeksida Oʻzbekiston oʻrnini yanada pastlashi boʻldi. Qayd etilishicha, dunyo boʻyicha 170 mamlakat orasida Oʻzbekiston 115-oʻrinni egallagan. Xalq vakillariga koʻra, vakolatli davlat organi mazkur kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etishi va yil yakuniga qadar ushbu indeksda Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilashi shart. Oʻz oʻrnida deputatlar ushbu masalani birgalikda hal qilish taklifini ilgari surdilar. Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring