Pochta aloqasi xizmatlarining sifat va tezkorligi oshirilmoqda
Bugun Oʻzbekistonda pochta aloqasi sohasida ham ulkan oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Zero, mazkur tarmoq faoliyati jamiyatimizda katta ijtimoiy ahamiyatga ega.
Xususan, oxirgi yillarda respublikamiz pochta aloqasi xizmati milliy operatori hisoblangan “Oʻzbekiston pochtasi” AJning faoliyatida yangi, zamonaviy usullardan foydalanish, koʻrsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish hamda raqamlashtirishni faollashtirishga bogʻliq samarali ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 14-dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Milliy operator tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha yetarlicha choralar koʻrilmaganligi oqibatida, Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida Oʻzbekiston 93-oʻrinda qolayotganligi, Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini toʻliq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi elliktalikka kiritish maqsadi belgilandi va pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.
Pochta aloqasi obyektlarida zamonaviy, shu jumladan “Gibrid pochta” xizmatini rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish maqsadida, ushbu xizmatdan foydalanish boʻyicha 50 dan ortiq davlat organlari bilan shartnomalar tuzildi. Shuningdek, 2 ta avtomat konvertlash uskunasi xarid qilinib, Toshkent shahrida sinov tariqasida ishlatib koʻrilmoqda. Mijozlar nomiga kelgan pochta joʻnatmalarini olishi uchun moʻljallangan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamtlar)ni joriy etish boʻyicha loyiha-texnik hujjatlar ishlab chiqilib, tanlov oʻtkazildi va 30 ta pochtamtni yetkazib berish boʻyicha “Cumulative Service” MCHJ bilan shartnoma tuzildi.
Bugungi kunda, 30 ta pochtamt olingan boʻlib, shundan 13 ta pochtamt Toshkent shahrida,13 ta pochtamt Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus, Navoiy, Samarqand, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Urganch shahriga yetkazib berilib, oʻrnatildi. Bugungi kunda, ularga axborot tizimlarini oʻrnatish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Qolgan 4 tasini viloyatlarga joylashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Davlat xizmatlari koʻrsatiladigan pochta aloqa boʻlimlarini va ularning xodimlari roʻyxati shakllantirilmoqda.
702 ta pochta aloqa obyektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 17 turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi (Namanganda 112 ta, Buxoroda 103 ta, Qoraqalpogʻistonda 93 ta, Andijonda 64 ta, Qashqadaryoda 47 ta, Samarqandda 43 ta, Jizzaxda 42 ta, Xorazmda 41 ta, Surxondaryoda 41 ta, Navoiyda 40 ta, Fargʻonada 39 ta, Sirdaryoda 28 ta va Toshkent viloyatida 9 ta). Shu kunga qadar pochta aloqasi obyektlari orqali aholiga jami 4 750 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.
Bugungi kunda, www.pochta.uz sayti orqali davriy matbuot nashrlariga onlayn obuna xizmati yoʻlga qoʻyildi va unda 250 turdan ortiq davriy matbuot nashrlariga onlayn ravishda obuna uyushtirish imkoniyati yaratildi.
“Oʻzbekiston pochtasi” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan davriy matbuot nashrlariga “Internet-obuna qabul qilish tartibi va shartlari” ishlab chiqildi va 2021-yil 1-martdan amalga kiritildi.
Onlayn-obuna dasturi Payme va CLICK mobil ilovasi bilan integratsiya qilindi va bugungi kunda ushbu mobil ilovalar orqali davriy matbuot nashrlariga onlayn ravishda obuna uyushtirish imkoniyati yaratildi.
Pochta xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimini joriy etish yuzasidan texnik topshiriq ishlab chiqilib, tanlov oʻtkazildi va ishlab chiqaruvchi bilan shartnoma tuzilgan. Pochta joʻnatmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizim 2021-yil 17-maydan Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirildi. 300 ta kompyuter va 150 ta koʻp funksiyali uskuna xarid qilindi va ish joylariga yetkazib berildi. Shuningdek, 1000 ta mobil qurilmalar bilan taʼminlandi. Ushbu mobil qurilmalar uchun ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarni Davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari negizida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun oʻqish va malaka oshirish kurslarini tashkil etish maqsadida, “Oʻzbekiston pochtasi” AJ xodimlarning malakasini oshirish oʻquv markazi» tashkil etildi. Pochta aloqa obyektlarida amaldagi bank va moliyaviy, davlat va elektron tijorat xizmatlari koʻrsatilishini takomillashtirish va qoʻshimcha xizmat turlarini joriy etish boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish yuzasidan AT «Aloqabank», Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” MCHJ oʻrtasida bitim va oʻquv kursi rejalari ishlab chiqilgan. Shuningdek, Jamiyat ijroiy apparati, filial va pochta aloqasi bogʻlamalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha malaka oshirish markazlarida 54 nafarining malakasi oshirilgan.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek, ularning tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi tizimni yaratildi. Hozirda “Unisavdo«Milliy onlayn savdo maydonchasiga tadbirkorlarning ishlab chiqqan mahsulotlarini joylashtirish boʻyicha 300 ta tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzildi va bugungi kunda yana yangi shartnomalar tuzish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda, tadbirkorlar va internet-magazinlarning 7359 ga yaqin mahsulotni “Unisavdo” Milliy onlayn savdo maydonchasiga kiritish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Internet-savdo maydonchalari egalariga oʻz mahsulotlarini saqlash, yaʼni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydoncha orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning oʻzida tez fursatlarda qadoqlanib, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradigan 4 ta logistika markazlarini 2021-yil yakuniga qadar Toshkent shahrida, Andijon viloyatining Asaka tumanida, Buxoro viloyatining Vobkent tumanida va Xorazm viloyatining Urganch shahrida tashkil etish belgilab olindi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan va imzolangan ushbu qaror-bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatbardoshlikka intilayotgan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ, hozirgi kunda pochta xizmatlarini koʻrsatayotgan koʻplab mahalliy pochta kuryerlik kompaniyalari, yurtimizda ushbu faoliyatni yuritayotgan xorijiy kompaniyalar uchun anchadan buyon intiqib kutilayotgan qaror boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, ushbu qaror boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarish barcha soha mutaxassislari, xodimlari, mutasaddi korxona va tashkilotlar, oldida turgan muhim va dolzarb, kechiktirib boʻlmaydigan masalalardan hisoblanadi, chunki, yurtimizda pochta xizmatlaridan foydalanish aholimiz kundalik hayotining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring