Plyonka ostidagi tok
Andijonliklar xoʻp ajoyib-da! Azal-azaldan “Yomgʻir yogʻsa doʻppisini shundaygina sellofanga oʻrab ketganida ham bir hikmat bor”, — deydi kattalar. Yaʼni, tabiat bilan murosa qilish, undan yutish yoʻllarini topish bu yurt odamlarining qonida bor. Ana shu xususiyat tufayli paxtani plyonka ostiga ekish ilk bor Andijonda shakllangani bejiz emas. Bugungi kunga kelib esa plyonka ostida parvarishlanmagan ekinning oʻzi qolmadi hisob. Endi ular qatoriga tokning qoʻshilganiga nima deysiz! Bu ham oʻsha tadbirkorlik, izlanish, zamon bilan hamnafas boʻlishning yana bir koʻrinishidir.
Maʼlumki, Oʻzbekistonda uzumchilik azaldan rivojlangan sohalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda yetishtirilayotgan uzum, nafaqat, ichki bozorda, balki xorijda ham katta talabga ega. Tabiiy taʼm, quyosh nuri bilan pishgan shirinlik va sifat, bular oʻzbek uzumiga xos jihatlardir. Bu esa joylarda sohada yangi loyihalarni amalga oshirish, ilgʻor tajribalarni sinovdan oʻtkazish ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda.
Izlanuvchan fermerlardan biri Buloqboshi tumanida faoliyat yuritayotgan Muhammadali Boʻronov uzumchilikka ixtisoslashgan mahallada tugʻilib, shu muhitda voyaga yetgani bois bu soha unga begona emas. Biroq mustaqil ravishda shugʻullana boshlaganiga 16-yil boʻldi. Fermer oʻtgan yili 15 sotix yerda tajriba sifatida issiqxona sharoitida uzum yetishtirib koʻrdi. Natija esa kutilgandan ham yaxshiroq boʻldi. Anʼanaviy usulda parvarishlangan uzumlarga nisbatan hosil 1,5 oy oldin pishdi. Bu esa bozorda narx yuqori boʻlgan davrga toʻgʻri kelishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Shu kichik maydondan 300 kilogramm hosil olib, har bir kilosini kamida 80 ming soʻmdan sotgani fermerning izlanishi oʻzini toʻliq oqlaganini koʻrsatadi. Joriy yilda esa yarim tonna hosil olish rejalashtirilgan.
Qizigʻi shundaki, bu tajriba faqat hosil bilan cheklanib qolmadi. Fermer fevral oyidayoq tok bargidan ham daromad oldi. Yaʼni, ichki bozorga kavartak uchun barg chiqarib, qoʻshimcha daromad manbaini yaratdi. Bu esa har bir qadamni hisob-kitob bilan, bozor talabidan kelib chiqqan holda qoʻyayotganini anglatadi.
Hozirgi kunda Muhammadali Boʻronov xoʻjaligida jami 12,8 gektar maydonda tok parvarishlanmoqda. Oʻtgan yili 180 tonna hosil olindi. Koʻchatlar hali yosh ekanini hisobga olsak, bu koʻrsatkichning yanada oʻsishi tabiiy. Xoʻjalikda 12 nafar doimiy ishchi mehnat qilayotgan boʻlsa, mavsum paytida ularning soni 30 nafardan ortadi. Demak, bu faoliyat, nafaqat, daromad manbai, balki aholi bandligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.Ayni paytda mahsulot asosan ichki bozorda sotilyapti. Biroq fermer joriy yildan boshlab Qirgʻiziston Respublikasiga eksportni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Bu esa uning faoliyati yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.
Aslida har qanday yutuq izlanish, tajriba va uzluksiz harakat samarasidir. Bir qarashda oddiy tuyulgan plyonka ostida uzum yetishtirish tajribasi ham ana shu intilishlarning amaliy ifodasidir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bugun Buloqboshida sinovdan oʻtayotgan ushbu yangilik ertaga boshqa hududlarda ham ommalashib, uzumchilikda yangi yoʻnalishga aylanishi, shubhasiz.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring