“Pitpildiq” mahsulotlariga xaridorlar bisyor
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda respublikamizdan xorijga tuxum eksport qiluvchi korxonalar koʻp. Biroq uy sharoitida yetishtirilgan mahsulot eksportini tashkil etayotganlar kam. Baliqchi tumanidagi Fayzobod mahallasida yashovchi Asilbek Kimsanov oʻzi istiqomat qilayotgan xonadonda 30 mingta bedana parvarishlab, kuniga 25 ming dona tuxum terib olmoqda.
— Mahsulotimizni “Pitpildiq” brendi ostida ichki bozorga va qoʻshni davlatlarga yetkazib bermoqdamiz, — deydi A.Kimsanov. — Shu yilning kuz fasliga borib bedanalar sonini 50 mingtaga yetkazishni rejalashtirganmiz. Hozirda Osiyo davlatlariga goʻsht va tuxum eksport qilish loyihasi ustida ishlamoqdamiz.

Maʼlumki, bedana goʻshti yuqori sifatli oqsil manbai hisoblanadi. Kam yogʻli va yengil hazm boʻlish xususiyatiga ega. Shuningdek, immunitetni mustahkamlab, tanani vitamin va minerallar bilan boyitadi. Tuxumi esa allergiyaga sabab boʻlmasligi, miya faoliyatini yaxshilashi, qon bosimini meʼyorlashtirishi, kalsiyga boyligi va gemoglobinni oshirishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois bedana goʻshti va tuxumiga nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham talab koʻp. Shularni hisobga olgan holda ichki bozordan ortinib Qirgʻiziston va Tojikistonga eksport faoliyatini yoʻlga qoʻygan “Pitpildiq” mahsulotlari Fayzoboddan Osiyogacha yetib borishiga shubha yoʻq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring