Pirotexnik vositalar yoʻq qilindi
Eng quvnoq, sermazmun bayramlardan biri boʻlmish Yangi yil tobora yaqinlashmoqda. Bu damni koʻpchilik yurtdoshlarimiz quvonch bilan qarshilayotgan bir paytda aksariyat atrofimizdagilar yuragini hovuchlab kutib olayotganliklari ham sir emas. Boisi, aynan shu sana bilan bogʻliq salbiy jihatlar borki, bu pirotexnik vositalar orqali ifodalanadigan koʻngilxushliklarda namoyon boʻladi. Salbiy oqibatlarning hozirdanoq oldini olishga kirishgan mutasaddi idoralar vakillari tomonidan yurtimizga bunday vositalarning olib kirilishining oldi olinyapti.
Andijon viloyat bojxona boshqarmasi Matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, shu kunlarda “Pirotexnika operatsiyasi” tadbiri oʻtkazilmoqda. Navbatdagi tadbir davomida Boʻston tumanida harakatlanayotgan T.I. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtotransport vositasi kuzatuvga olindi. Natijada u tumanning A. Ikromov koʻchasida shartli xaridorga qiymati 10 million soʻmlik 57600 dona pirotexnika vositalarini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Oʻz manfaatini oʻzgalar halovatidan ustun bilguvchi bu kabi zamondoshlarimizga nisbatan amaldagi tartiblarga binoan chora koʻrilishini eslatib qoʻyishni lozim topdik.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring