Peshkuda bu yilgi mavsumda salkam 200 tonna pilla yetishtirilishi kutilmoqda
Peshku tumanida odatda, har yilgi mavsumda 2600 quti atrofida ipak qurti parvarish qilinardi. Bu gal uning soni salkam 700 qutiga koʻpaydi. Bu qoʻshimcha tarzda 4,5 tonna “ kumush tola” yetishtirish imkonini beradi.
Joriy mavsumda tumandagi 7 ta inkubatoriyada ipak qurti jonlantirildi. Natijada 3314 quti ipak qurti fermer xoʻjaliklari hamda oilaviy zvenolarga tarqatildi. Ungacha esa tutzorlarga ishlov berish, tut bargi zaxirasini yuzaga keltirish bilan bogʻliq zarur yumushlar bajarilgan edi.
-Pillachilik mavsumi nari borsa 35 – 40 kun davom etadi, — deydi kasanachi Z. Sharipova.- Lekin mehnati yilga tatiydi. Oilamiz bilan pilla yetishtirish borasida katta tajriba toʻplaganmiz. Shukr, kam boʻlganimiz yoʻq. Oʻtgan yilda rejadan ortiqcha yetishtirilgan har kilogramm pillaga 50 ming soʻmdan berilgandi. Bu yilgi mavsumda ham yaxshi ishlab sifatli pilla yetishtirish, shuning ortidan roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirish niyatidamiz.

Aytish joizki, nafaqat Peshku, balki Buxoro viloyatining boshqa tumanlarida ham pillachilikda juda katta tajriba toʻplangan. Oʻtgan yilgi mavsumda bu soha viloyat boʻyicha 110 mingga yaqin aholining bandligini taʼminlagan, jami 3 ming 186 tonna pilla yetishtirilgan. Yakunda pillakorlar 130 milliard soʻm atrofida daromad koʻrishgandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring