Peshоna teri bilan topilgan bir burda nonga ne yetsin — Qahramon Qodirov
Sayyor qabullarda moddiy yordam soʻrab kelayotgan toʻrt muchasi sogʻ, ammo yalqovlik muhtojlikning doyasi ekanini anglamayotgan fuqarolarni ham tez-tez uchratasan, kishi. Shunday paytda boqimandalikni oʻziga kasb etgan bunday odamlarni beixtiyor Qorakoʻl tumanidagi Yangi turmush mahallasida yashovchi Qahramon Qodirovga roʻbaroʻ qilging keladi.
Gap shundaki, 52 yoshli bu yurtdoshimiz nogironligi sabab mustaqil harakat qila olmaydi. Boz ustiga yolgʻiz yashaydi. Kundalik yumushlarni ming bir mashaqqat bilan bajaradi. Lekin u ruhan tushkunlikka berilgani yoʻq. Uyi oldidagi yengil konstruksiyali xonada aholiga kompyuter xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanadi. Oyiga oʻrtacha 1 – 1,5 million soʻm daromad qiladi.
— Boqimandalik men uchun begona, — deydi u. — Peshоna teri bilan topilgan bir burda nonga nima yetsin?!

Yaqinda tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari shu mahallada oʻrganish ishlarini olib borishdi. Tabiiyki, sabrga suyanib yashayotgan bu zamondoshimiz eʼtibordan chetda qolmadi. Qahramon Qodirovning ehtiyojidan kelib chiqib unga elektron aravacha sovgʻa qilindi. Bugina emas, markaz tomonidan Barter va Louton shkalasi boʻyicha baholash oʻtkazildi. Boshqacha aytganda, uning mustaqil oʻrnidan tura bilishi, harakatlana olishi, kiyinishi, bir soʻz bilan aytganda, real imkoniyatlari baholandi va Q. Qodirovga assistent biriktirib berildi. Qolaversa, uning ish sharoitini yaxshilash maqsadida uyi atrofidagi umumtaʼlim maktabidan joy ham ajratildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Buxoro viloyatida 54 ming 700 nafardan ziyod nogironligi boʻlgan shaxs roʻyxatga olingan. 2023-yil davomida ularning 216 nafari toʻliq reabilitatsiya qilingan, 248 nafarining nogironligi yengillashtirilgan. Shuningdek, 429 nafar kishiga nogironlik aravachasi, koʻplab ehtiyojmand fuqarolarga eshitish moslamasi, oyoq hamda qoʻl protezi, qoʻltiqtayoq va boshqa kerakli jihozlar berilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring