Pensiya yoshidagi xodimni oʻz ixtiyorisiz ishdan boʻshatish mumkin emas
Foto: Illustrativ surat
Mehnat qonunchiligida belgilab qoʻyilgan bu qoidaga amal qilmaslik, ichki buyruq bilan nafaqa yoshiga yetgan xodimni uning xohish-istagisiz ishdan boʻshatib yuborish holatlari amaliyotda uchrab turibdi.
Andijon viloyati Baliqchi tumanida istiqomat qiluvchi Maʼrufjon Ergashev ham xuddi shunday holatga duch keldi. U uzoq yillar davomida Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida mehnat qildi. Pensiya yoshiga yetgach, vazifasidan ozod etildi. Garchi u buni xohlamasada, lekin uning rejalari bilan masʼul shaxslar qiziqmadi. Aksincha, boshqarma boshligʻining 2022-yil 20-avgustdagi buyrugʻiga asosan Baliqchi nasos stansiyalar boʻlinmasiga qarashli «Orolxon-1» nasos stansiyasi elektromontyori lavozimida ishlagan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning pensiya yoshiga yetganligi sababli bekor qilinganini aytishdi. Buyruqda Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-bandi, xodimga yuborilgan ogohlantirish xati va boshliqning koʻrsatmasi asos qilib koʻrsatilgan edi. Aslida esa bu borada ish beruvchi birinchi galda kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishuvga erishmogʻi kerak boʻladi.
Fuqaroning murojaatiga asosan olib borilgan oʻrganish davomida unga nisbatan qoʻllangan qaror noqonuniy deb topildi hamda xodimni oʻz vazifasiga qayta tiklash yuzasidan boshqarma boshligʻi nomiga taqdimnoma kiritildi.
Hozirda Maʼrufjon Ergashev avvalgi vazifasida mehnat qilmoqda. Bunga u huquqiy manfaatlarini talab qilish orqali erishdi.
Ziyodbek MANSUROV,
Baliqchi tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring