Pedagoglarning maqomi yanada oshiriladi
Oʻzining koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosib. Shu bois, keyingi yillarda ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash, oʻqituvchilar mavqeini yuksaltirish boʻyicha salmoqli ishlar qilindi.
Xususan, pedagoglarning ish haqi bir necha marta oshirilib, alohida ustamalar joriy etildi, ish yuklamalari maqbullashtirildi. Taʼlim dargohlaridagi ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyilib, ularning oylik maoshi mutassil oshirib borilmoqda.
Ammo bu ishlar pedagoglarning faoliyatini toʻlaqonli bajarishiga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy va kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilishga, vazifalariga taalluqli boʻlmagan ishlarga jalb qilinmasligi uchun toʻla acoc boʻlib xizmat qilmayapti.
Hozirgi kunda iqtidorli yosh avlod va yuqori malakali kadrlarning pedagogika faoliyatiga keng jalb etilishini taʼminlash uchun ularga alohida huquq va imtiyozlar takdim etish, pedagog xodimning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, ularning maqomini alohida qonun bilan belgilash talab etiladi.
Shundan kelib chiqib, pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini oshirish, faoliyat bilan bogʻliq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini taʼminlash maqsadida “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida koʻrib chiqilgan ushbu qonun loyihasidan bir qator yangiliklar oʻrin olgan.
Masalan, qonun loyihasi bilan taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, shaʼni, qadr- qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishini kafolatlash maqsadida, shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini toʻlashdan ozod etish taklif etilmoqda.
Shuningdek, pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga oʻqituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish nazarda tutilyapti.
— Bugun mamlakatimiz yangi davrga qadam qoʻydi. Oʻqituvchi barcha yumushlardan ozod etildi. Uning oldida faqat yosh avlodni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash vazifasi qoʻyilgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi aʼzosi Abdumalik Akromov. — Pedagoglar mehnatining qadrlanishi, eʼzozlanishi, ijtimoiy himoyaga olingani fikrimiz tasdigʻidir. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi orqali shubhasiz, pedagog xodimlar maqomi belgilanadi, ularning jamiyatdagi nufuzi oshadi. Eng muhimi, pedagog faoliyatiga boʻlgan talab oshgan holda taʼlim berish yanada kuchayadi.
Muhokamalar davomida deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib qonun loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflar berishdi. Uning bugungi kundagi zaruratini hisobga olib, bir ovozdan maʼqulladilar.
Yigʻilishda shuningdek, “Teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) faoliyati bilan shugʻullanish uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilinib, qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring