Pedagoglar hamda iqtidorli oʻquvchilar 12 kunlik dam olish maskanlariga yuboriladi
Hukumat qarori (474-son, 29.07.2025-y.) bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.
Nizomga koʻra, maskanlarga yoʻllanmalar yil davomida berilib, u yerda dam olish 12 kunlik kun tartibi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Dam olish har yili quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (Vazirlik) tizimi xodimlari va ilgʻor pedagoglar uchun – sentyabr may oylarida;
- iqtidorli oʻquvchilar uchun – iyun avgust oylarida.
Shuningdek, har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi. Mazkur komissiyalar tomonidan maskanlarga 7-14 yoshli iqtidorli oʻquvchilar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi.
Dam olish maskaniga quyidagi ilgʻor pedagoglar tanlab olinishi belgilangan:
- xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
- oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari;
- xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi boʻyicha xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar;
- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
- respublika bosqichidagi koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar;
- oliy va 1-malaka toifasiga ega boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari;
- asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar.
Belgilangan mezonlar boʻyicha dam oluvchilarga ketma-ketlik asosida yoʻllanmalar beriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring