Pastdargʻomdagi muborak qadamjo obod boʻladi
Foto: Халқ сўзи
Pastdargʻom tumanida aziz qadamjolar koʻp. Shulardan biri “Oshiq ota” ziyoratgohi. “Oshiq ota”, yaʼni XI-XII asrlarda yashab, ijod qilgan hazrati mavlono Mir Neʼmatulloh ulugʻ avliyolardan boʻlib, boy ijod va karomat sohibi boʻlgan.
“Devoni Oshiq” ajdodimizning ijod namunasi boʻlgan asarlardan biridir. Unda keltirilgan “Ey Robbim, turli kulfatlarning zararidan bizning koʻksimizni poklagin, ishq nuri bilan bizning gina-kuduratsiz qalbimizga sayqal bergin...”, “Bizning qalb koʻzimizga rozi dillarimiz sabab tajalliy bergin” kabi fikrlari insoniyatni toʻgʻrilikka boshqarishga xizmat qilgan.
Afsuski, bugungi kunda ham koʻpchilik fuqarolar “Oshiq ota” ziyoratgohiga borishsada, u kishining oʻtmishi va hayot yoʻli xususida toʻligʻicha bilmaydi. Bundan tashqari ziyoratgohda bir necha hali oʻrganilmagan tabarruk zotlarning qabrtoshlari mavjudligi, uning tarixi bir necha 100-yillarga borib taqalishini, ushbu qadamjoda ilmiy-tadqiqot ishlari hamda taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari olib borilishi zarurligini koʻrsatadi.
Shu bois ham kelajak avlod uchun mazkur merosni asrash va qadrlash, bu orqali ular shuuriga madaniy merosimiz ahamiyatini singdirish maqsadida yaqinda mazkur qadamjo madaniy meroslar obyekti roʻyxatiga kiritildi.
Shuningdek, joriy 2023-yilda “Oshiq ota” ziyoratgohida davlat byudjetiga ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismidan taʼmirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring