Past Dargʻomda yogʻ mahsulotlari ishlab chiqariladi

16:11 27 May 2022 Jamiyat
760 0

Foto: Illustrativ foto

Samarqand viloyatida ichki isteʼmol bozorining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etish yuzasidan 2022-yilga moʻljallangan loyihalar amaliyotga yoʻnaltirilmoqda.

Past Dargʻom tumanidagi Kamolot mahallasida barpo etilayotgan korxona shular sirasiga kiradi. “Xurshida Usmonova shirinliklari” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan korxona tomonidan paxta texnik chigiti, soya, kungaboqar singari moyli ekinlar urugʻlari sanoat asosida qayta ishlanib, eksportbop yogʻ mahsulotlari ishlab chiqariladi.

— Loyiha qiymati 3 million AQSH dollari boʻlib, ayni kunlarda Turkiya, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalar oʻrnatilyapti, — deydi “Xurshida Usmonova shirinliklari” MCHJ direktori Zafar Mahmudov. — Korxona ishga tushgach, 60 ta doimiy, 35-40 ta mavsumiy ish oʻrni yaratiladi. Ishchi-xizmatchilarning malakasini oshirish yuzasidan ham tegishli tadbirlar amalga oshirilyapti. Past Dargʻom tumanining Kamolot mahallasidagi vaqtinchalik ishsiz yoshlar tanlab olinib, mahsulotni qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni boshqarish jarayoni oʻrgatilmoqda.

Korxona quvvati sutkasiga 200 tonna xom ashyoni qayta ishlashga moʻljallangan. Hozirgi vaqtda soya, kungaboqar va boshqa moyli ekinlar yetishtirish bilan shugʻullanayotgan klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklari bilan shartnomalar imzolanmoqda. Shuningdek, xom ashyoni Rossiya va Qozogʻistondan ham keltirish yuzasidan tadbirlar boshlab yuborilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер