Parlament eshituvi: tibbiyot muassasasidan 10 km.dan uzoqda joylashgan 359 ta mahallaga birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish kerak

18:15 14 Noyabr 2023 Siyosat
165 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar cogʻliqni saqlash vaziri A.Inoyatovning “Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning holati va istiqboli toʻgʻrisida”gi axborotini eshitdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson salomatligini mustahkamlash, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilash, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash yoʻlida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan oʻzgardi. Har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 2022-yilda 20 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari, joriy yilda 8500 ta doya shtatlari ajratildi, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan taʼminlandi.

Shuningdek, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, davriy profilaktik koʻriklar va tibbiy skrining tekshiruvlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi, universal-progressiv patronaj modeli joriy qilindi.

Majlisda qayd etilganidek, birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yanada yakinlashtirish maksadida shunday muassasalar 2021-yildan boshlab yangidan tashkil etilishi yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning 1-oktabr holatiga 2022-yilga nisbatan oilaviy poliklinikalar 1046 dan 1074 taga, oilaviy shifokorlik punktlari 1062 dan 1234 taga yetdi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar yana 17 ta oilaviy shifokorlik punkti, 8 ta oilaviy poliklinika ochilishi rejalashtirilgan.

Bunday muassasalarning moddiy texnik bazasini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida 149 tasi taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan. Ularga 32 turdagi asbob uskunalar yetkazib berilgan.

Shu bilan birga, “Elektron poliklinika” tizimi joriy etilib, 27 turdagi jurnal va hujjatlar 16 ta elektron shaklga keltirildi va qogʻozbozlik kamaydi. Bundan tashqari, “elektron poliklinika” tizimida 2500 dan ortiq birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari(BTSYM) ishlamoqda. 2023-yil - oktabr holatiga 32 mln. dan ortiq aholi elektron axborot tizimi orqali BTSYMga biriktirilgan.

Bugungi kunda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalaridan oilaviy shifokorlik punktida 68 turdagi, oilaviy poliklinikada 85 turdagi, koʻp tarmoqli tuman poliklinikasida 110 turdagi, tuman markaziy shifoxonasida 257 turdagi kasalliklar boʻyicha kafolatlangan paket ishlab chiqilgan. Unga asosan bepul tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. 2022-2023-yillarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari bilan taʼminlanishi 66 turdan 120 turga oshirildi. Bunday muassasalarda 18119 ta kunduzgi shifo oʻrinlari tashkil etilib, ularning faoliyati 20:00 ga qadar uzaytirildi. Kunduzgi statsionarlarda 620 ming nafar bemorga uyidan ajralmagan holda davolanish imkoni yaratilgan.

Yuqumli kasalliklarning oldini olish boʻyicha 12 mln. nafar bolalarning 98 foizi 13 turdagi vaksinalar bilan emlangan. Spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan bolalarni davolash uchun dori vositalari ehtiyojga koʻra 100 foiz yetkazib berilgan.

Deputatlar birlamchi tibbiy sanitariya muassasalarini shifokorlar bilan toʻliq taʼminlash choralarini koʻrish, xodimlarni ragʻbatlantirish ishlarini toʻliq yoʻlga qoʻyish, rejalashtirilgan poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlarini oʻz vaqtida tashkil etish, bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qurish taʼmirlash ishlariga eʼtiborni kuchaytirish, tibbiyot muassasasidan 10 km.dan uzoqda joylashgan 359 ta mahallaga birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish kerakligini aytib oʻtdilar. Shuningdek, taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan bolalarni oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va sogʻlomlashtirish ishlarini taʼminlash lozimligi ham qayd etildi.

Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan parlament eshituvida deputatlar har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar faoliyatini yanada jonlantirish, aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер