Parchakentning uzumchilik tajribasi

17:55 14 Avgust 2024 Jamiyat
472 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Kitob tumanining Parchakent mahallasi Hisor togʻ tizmalariga yondosh hududda, soʻlim va bahavo maskanda joylashgan. Hududning iqlim-sharoiti, zilol suvi bogʻdorchilik uchun juda qulay. Shu bois ham aholi orasida kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir qatorda olma, anor va uzum yetishtirish keng ommalashgan.

Shu mahallalik Suyun Boʻronov ham mavjud imkoniyatlardan foydalanib, farzandlari bilan birgalikda olmazor va uzumzor bogʻ tashkil etgani, bugun ana shu bogʻning ortidan oilaning dasturxoni toʻkis, hayoti farovon ekanini aytadi.

— Oʻzim koʻp yillar davomida maktabda oʻqituvchilik qildim, — deydi u. — Yaratganga shukr, maoshimga kun oʻtib turardi, lekin oʻsha yillari oyogʻimiz ostida shuncha yer, katta daromad manbai borligini bilmaganimizda. Olti sotix tomorqadan ham deyarli foydalanmasdik. Aslida bu yerlar xazinaning oʻzi ekan. Bugun hukumatimiz tomonidan aholining tomorqachilik madaniyatini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bizni ham harakatga undadi.

Suyun bobo Boʻronovning aytishicha, u nafaqaga chiqqach 1,5 gektar yer olib, uzumzor bogʻ tashkil qilgan. Soʻng bu bogʻ negizida uchta dehqon xoʻjaligi tashkil qilib, uch oʻgʻliga boʻlib bergan. Natijada bugun farzandlarining bari yonida, bogʻda mehnat qilib, yaxshi daromad topmoqda.

— Ayniqsa, mahallamiz ahli uzum yetishtirishning pandini olgan, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Alisher Eshonqulov. — Shundan kelib chiqqan holda uzumchilikni mahallaning drayver sohasi sifatida belgilab oldik. Aholining shaxsiy tomorqalari bilan bir qatorda, tizimlashtirilgan tarzda uzum yetishtirishga ham ustuvor ahamiyat qaratayapmiz. Misol uchun, ayni paytda mahallamizda 200 gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Bu uzumzorlar 162 ta dehqon xoʻjaligiga taqsimlab berilgan. Bundan tashqari, yana 20 gektar maydonda yangidan korporatsiya tashkil etib, u yerda ham uzumchilikni yoʻlga qoʻydik. Natijada 50 ga yaqin ish oʻrinlari yaratildi.

Alisher Eshonqulov uzumzor tashkil etgan dehqon xoʻjaliklarining oladigan daromadini jaydari usulda hisob-kitob qilib berdi. Aytishicha, mahalladagi aksariyat dehqon xoʻjaliklarining 50 sotixdan uzumzori bor. Toʻgʻri, oʻtgan yili ob-havoning noqulay kelishi evaziga mahalla ahli uzumdan kutilgan hosilni ololmadi. Ammo bu yil har bir dehqon xoʻjaligi oʻziga tegishli 50 sotix maydondan 12 tonnadan 15 tonnaga qadar hosil olmoqda. Bu uzumning ayni vaqtda ulgurji bozordagi narxiga qiyosan olganda, oʻrtacha yuz million soʻm daromad degani. Bu bir oila byudjeti uchun ozmuncha mablagʻ emas. Parchakentliklarni bogʻdorchilik borasida yangi-yangi tashabbuslarga ilhomlantirayotgan, mehnatga undayotgan omil ham shu aslida.

Uzum nafaqat dasturxonlarimiz fayzi, balki qimmatbaho sanoat xom ashyosi hamdir. Unga talab muttasil oʻsib borayotganini yurtimizda tok hosilini qayta ishlash imkoniyatlari kengaytirilayotgani bilan ham bogʻlash mumkin. Demak, tok ekkan, uni yaxshi parvarishlab hosilga kiritib olgan tomorqachi yutqazmaydi.

Mahalla bogʻbonlarining aytishicha, uzum hosilini realizatsiya qilish borasida umuman muammo yoʻq. Bu yerda asosan uzumning qora kishmish navi yetishtiriladi. Avgustning oʻrtalariga qadar tayyor boʻlgan hosil ichki bozorga yoʻnaltirilsa, saraton issigʻini toʻliq yegani, yaʼni, avgustning 15 sanasidan keyin uzilgani mayiz qilinadi. Deyarli, barcha xonadonlar mayiz quritishning pandini olgan. Bu yumush tokdan olinayotgan hosilning yanada daromadliligini taʼminlaydi.

Ha, bugun yurtdoshlarimizning hayotga, mehnatga munosabati tubdan oʻzgargan. Parchakentliklar ham oʻzlarining mehnatkashligi, tashabbuskorligi evaziga bir parcha yerdan millionlab daromad topmoqda. Shuning ortidan farzandlarini oʻqitmoqda, yangi uy-joylar qurayapti, yangi mashinalar olmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер