Oʻzingga ehtiyot boʻl, qoʻshningni oʻgʻri tutma

09:38 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
1096 0

Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Tadbirkor” MFYda 2 bosh novvosni oʻgʻirlagan ikki shovvoz qoʻlga olindi. Maʼlum boʻlishicha, ular tunda mahalladoshining ochiq qolgan darvozasidan kirib, uy hayvonlarini yetaklab chiqishgan.

Ayni paytda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu sizga yetkazmoqchi boʻlgan xabarimiz tafsiloti. Ana endi ikki ogʻiz mulohaza qilsak.

Xoʻp, novvos oʻgʻirlandi, oʻgʻrilar topildi, jabrlanuvchining mulki qaytarildi, qonunbuzarlar qilmishiga yarasha jazo oladi. Shundaymi? Jinoyat sodir etganlar tavbasiga tayanadi, hayvon egasi shukr qiladi. Shu bilan hammasi tugaydi.

Endi oʻylab koʻring, nima uchun 50 ming soʻmlik arzimas ikki metr matoingizni uyingizning toʻridagi sandiqqa solib, ustidan qulf osasizu, 12 million soʻmlik ikki bosh novvosni hovlida qarovsiz qoldirasiz? Bu bilan oʻgʻrilar uchun imkoniyat eshiklarini ochib bermayapsizmi? Bu holatda kim aybdor? Toʻgʻri, qonunan olib qaraganda oʻgʻrilar aybdor! Biroq, uning qonunbuzarlik sodir etishiga sharoit yaratib bergan uy egasi ham aybdor emasmi?

Afsuski, bizning qonunlarimizda bundayin beparvolik, eʼtiborsizlik uchun chora yoʻq. Shunday ekan, yurtdoshlarimizga : “Oʻzingga ehtiyot boʻl, qoʻshningni oʻgʻri tutma”,-deymiz, xolos.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер