Oʻzimning uy-joyim bor, demak mening Vatanim bor — Karomat Qarshiyeva

11:53 26 Noyabr 2023 Jamiyat
234 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, muhtoj boʻlgan fuqarolarga boshpana qilishlari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Xususan, mamlakatimiz rahbarining “odamlarimiz ertaga yoki istiqbolda emas, bugundan eʼtiboran oʻzgarishlarni oʻz hayotlarida his etib, yaxshi yashashlari lozim”, degan tamoyillari asosida daromadi yuqori boʻlmagan fuqarolarga uy-joy sotib olishlari uchun ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratilmoqda.

Mazkur saʼy-harakatlar asosida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga nazar solsak, eng avvalo odamlarni uy-joy bilan taʼminlashdek, uzoq yillik muammolar bugun oʻz yechimini topayotganligining guvohi boʻlish mumkin. Ming-minglab oilalarning oʻz turar joyiga ega boʻlib, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolganlarga ham roʻshnolik eshiklari ochilganligi inson qadri ulugʻlanayotganligining amaliy ifodasidir.

Viloyatning Karmana tumanida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi Karomat Qarshiyeva shulardan biri boʻlib, viloyat hokimining sayyor qabulida bolalikdan chin yetimlikda ulgʻaygani, bugungi kunda oilasi bilan ijarada istiqomat qilib, birgina soʻnggi uch yilda 37 ta xonadon almashtirishga toʻgʻri kelganligini bayon etgan edi.

— Oʻzimning uy-joying bor, demak mening Vataning bor, — dedi K. Qarshiyeva quvonchini yashira olmay. — Boshpanali odamning yurtga muhabbati cheksiz boʻladi, buni soʻz bilan ifodalash juda qiyin.

Karomat Qarshiyevaning murojaati bugun qanoatlantirildi. Uning oilasiga hududdagi ijtimoiy uylardan biri ajratilib, koʻchib oʻtdi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, keyingi yillarda viloyatda besh yuz nafardan ortiq ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarning uy-joy sharoitlari yaxshilanib, ularning oʻksik dillariga quvonch hislari solindi. Eng muhimi mazkur fuqarolarning ertangi kunga ishonchi ortib, dillarida shukronalik ulgʻaydi. Zero, yurtboshimiz taʼkidlaganidek jamiyatimizda har bir fuqaro yaxshi yashashini taʼminlash davlatning bosh maqsadidir.

  Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер