Oʻzganing haqi – tanning oʻqi

09:06 30 Mart 2023 Jamiyat
597 0

Foto: Arxiv surat

XIX asrda tartib berilgan “Ilmlar xazinasi” (“Mahzan al-ulum”) toʻplamida diqqatga molik bir hikoyat keltirilgan. Unda yozilishicha, bir kishi oʻgʻliga nasihat tarzida “Nafsingni shunday mashq qildirki, toki u amringga quloq soladigan boʻlsin!” degan ekan. Shunda oʻgʻli “Men qaysi paytda aqlli boʻlishim mumkin?” deya soʻrabdi. “Nafsingga hokim boʻlganingda”, deb javob qaytaribdi ota.

Donishmand ota haq. Oʻz nafsini jilovlay olgan kishining koʻngli toʻq, el oldida yuzi hamisha yorugʻ boʻladi. Oʻzganing haqi esa buyurmaydi. Axir, xalqimizda “Oʻzganing haqi – tanning oʻqi” degan gap bor.

Bu haqda bejiz toʻxtalayotganimiz yoʻq. Afsuski, oramizda birovning haqiga xiyonat qilishdan tap tortmaydigan kimsalar uchrab turibdi. Shahobjon Berdiyev (ayrim mulohazalarga koʻra ism-sharifi oʻzgartirilgan) ana shundaylardan biri. U birovlarni aldash yoʻli bilan ularning mol-mulkini qoʻlga kiritishga ustasi farang edi. Mana, bir-ikki misol. 2019-yilning dekabr oyida u fuqaro I. Ibotov huzuriga boradi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishini aytib, uni chunonan aldab-avraydiki, soddadil inson bu firibgarga 6 ming AQSH dollari miqdoridagi pulini qanday qilib qoʻshqoʻllab tutqazganini ham bilmay qoladi. Foydadan ulush berib borishni vaʼda qilgan Shahobjon shundan soʻng qorasini ham koʻrsatmaydi.

— Bundan tashqari, bu firibgar oʻzining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, fuqaro A.Usmonovdan “Damas” rusumli 80W 071 LA avtomashinani 7500 AQSH dollari evaziga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan oladi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudi sudyasi J. Tojiyev. — Dastlabki toʻlov sifatida A.Usmonovga 2000 AQSH dollari miqdoridagi pulni beradi. “Qolganini ham tez orada beraman”, deb vaʼdani quyuq qiladiyu avtomashinani oʻzining nomiga rasmiylashtiradi. Keyin esa uni birovga sotib yuboradi. A.Usmonovga avtomashina uchun qolgan 5500 AQSH dollari miqdordagi pulni bermasdan, oʻzining ehtiyojlari uchun sarflab, jabrlanuvchiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazadi. Bular bilan kifoyalanmay, fuqaro H. Toʻrayevni ham “chuv” tushiradi. Avtomashina olib berishni vaʼda qilgan holda jabrlanuvchiga 12 ming AQSH dollari miqdorida moddiy zarar yetkazadi.

Oʻz nafsiga erk berib, oʻzgalarning haqiga koʻz olaytirgan firibgarning qilmishlari fosh boʻldi. Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudida koʻrib chiqildi. Sudlanuvchi tomonidan zararlar toʻliq qoplanganligi sababli, unga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari bilan JKning 59-moddasiga asosan ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 7 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер