“Oʻzbekistonning quyosh kabi koʻtarilishi”
AQSHning “J.P. Morgan” investitsiya banki tomonidan shu nomda tahliliy hisobot eʼlon qilindi. Moliya vazirligi bu haqda batafsil maʼlumot berdi.
Tahliliy materialda Oʻzbekiston soʻnggi 20 yil ichida Oʻrta Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEEMEA) mamlakatlari orasida yuqori va barqaror oʻsish surʼatiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biri boʻlgani eʼtirof etilgan.
Xususan, respublika iqtisodiyoti soʻnggi oʻn yil mobaynida yiliga oʻrtacha 6 foizga oʻsib borgan va bu bilan koʻpgina mamlakatlarning havasiga sazovor boʻlgan. Ulkan islohotlar rejasi esa kelgusida soʻnggi yillardagidek yoki undan ham yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi.
“J.P. Morgan” ekspertlarining fikricha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda islohotlar jadallashuviga erishilgan va bu mamlakatning iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston bozorlarni erkinlashtirish, keng koʻlamli xususiylashtirish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish kabi islohotlar yoʻlidan boryapti. Bunda xalqaro moliya institutlari koʻmagidan keng foydalanilmoqda.
Nufuzli moliya muassasasi davlat korxonalari isloh qilinayotganiga toʻxtalib oʻtar ekan, ularni xususiylashtirish iqtisodiy naf olib kelishi, biroq u xatarlardan xoli emasligini ham koʻrsatib oʻtgan. Bu borada Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining 1990-yillardagi tajribasi misol qilib keltirilgan.
Binobarin, Oʻzbekiston hukumati davlat korxonalarini qay tarzda xususiylashtirishi muhim ekanligiga urgʻu berilgan.
Tahlilda respublika 2020-yilda iqtisodiy inqirozga qaramay 1,6 foiz oʻsishni taʼminlay olgani, 2021-yilda 8,1 foiz, 2022-yilda 6,3 foiz oʻsishga erishishiga eʼtibor qaratilgan.
Shu oʻrinda “J.P. Morgan” prognozi Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro moliya tashkilotlar bashoratlaridan yuqori ekanligini qoʻshimcha qilish zarur.
Qayd etilishicha, 2021-yilgi iqtisodiy oʻsishga asosan qurilish va sanoat tarmoqlari hissa qoʻshadi.
"Oʻzbekiston fiskal siyosatdan iqtisodiyotni boshqarishning asosiy vositasi oʻlaroq foydalanadi. Hukumat 2020-yilda konservativ fiskal siyosatni amalga oshirdi(umumiy fiskal taqchillik avval prognoz qilingan YAIMning 7 foizi oʻrniga YAIMning 4,4 foiziga teng boʻldi)” deyiladi hisobotda.
Unga koʻra, 2016-yildan keyin davlat qarzi tez surʼatlar bilan oʻsishi kuzatilsa-da, Byudjet qonuni bilan davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foiz etib belgilan va davlat qarzining 60 foizga yetishi ehtimoli past.
Iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan choralar esa Oʻzbekistonning dunyoga ochilayotganligini koʻrsatmoqda.
“Oʻzbekiston suveren xalqaro obligatsiyalari narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanayotganini aks ettiradi. Xususan, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar investorlar “ishtahasi”ga ijobiy taʼsir koʻrsatadi" deb yozadi AQSH banki.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring