Oʻzbekistonda YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi (Global forum) boʻlib oʻtadi
Foto: Illustrativ foto
Joriy yil 14-16-noyabr kunlari Toshkentda YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi (Global forum) boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston hukumati, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar tashkilotchiligida uyushtirilayotgan mazkur xalqaro konferensiyaning maqsadi barcha yoshdagi bolalarning sifatli tarbiya va taʼlim olishlari huquqini tasdiqlash, shuningdek, uni umrbod olinadigan taʼlim va rivojlanishning eng muhim asosi sifatida tan olish, aʼzo davlatlarning yosh bolalar bilan bogʻliq barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi taraqqiyotini baholash, ilgʻor tajriba va uni almashish, innovatsiyalar, yosh bolalarni tarbiyalash va oʻqitishga investitsiyalarni koʻpaytirishning ustuvor yoʻnalishlari va strategiyalarini aniqlashdan iboratdir.
Konferensiya yakunida 2030-yilgacha maktabgacha taʼlim sohasidagi xalqaro kun tartibini belgilab beradigan yakuniy hujjat - Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Yakuniy hujjat konferensiya doirasida maslahat jarayonida tayyorlanadi, BMTning oltita rasmiy tiliga tarjima qilinadi va YUNESKOga aʼzo boʻlgan barcha davlatlarning eʼtiboriga havola qilinadi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari, YUNESKOga aʼzo boʻlgan turli mamlakatlar taʼlim vazirlari, shuningdek, ilm-fan va taʼlim sohasidagi yetakchi xalqaro arboblarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring