Oʻzbekistonda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil etildi

12:31 04 Noyabr 2020 Hujjatlar
3870 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini oʻrganish va tahlil qilish boʻyicha maxsus ilmiy laboratoriyasi negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil etildi.

Ilmiy tadqiqotlar institutining faoliyati 2021-yil 1-yanvardan boshlab tashkil etiladi.

Ilmiy tadqiqotlar institutining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

jismoniy tarbiya va sport sohasining nazariy va ilmiy metodologik asoslarini yaratish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek xalqaro hamda mahalliy ilmiy va amaliy grant loyihalarini jalb etish;
yuqori malakali sportchilarning oʻquv mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish davrida kompleks ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va innovatsion texnologiyalarni keng qoʻllash yuzasidan zarur tavsiyalar ishlab chiqish;
sport turlari boʻyicha terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilmiy-metodik jihatdan koʻmaklashish;
sport psixologiyasi, diyetologiyasi, reabilitatsiyasi va tibbiyoti boʻyicha ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, oʻquv-qoʻllanmalar, darsliklarni nashrga tayyorlash va chop etish;
aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda samarali, ilmiy asoslangan vositalar va uslublarni ishlab chiqish;
sportchilarning funksional, biokimyoviy, psixodiagnostika, biomexanik ish qobiliyatini diagnostika qilish va korreksiyalash tizimini yoʻlga qoʻyish;
seleksiya ishlarini samarali tashkil etish maqsadida trener- seleksioner va mutaxassislarga metodik yordam berish;
aholining jismoniy tayyorgarligi holati natijalarini monitoring qilish va korreksiyalash boʻyicha ilmiy-uslubiy tavsiyalar berish;
tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish maqsadida xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
respublikadagi taʼlimning barcha turlari (maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim, shuningdek maktabdan tashqari, sport taʼlimi) uchun jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha taʼlim standartlari va fan dasturlari, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar, shu jumladan audio, video va elektron darsliklar, onlayn darslar hamda boshqa turdagi ilmiy-metodik materiallar tayyorlash.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер