Oʻzbekistonda transport nazorati inspeksiyasi tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Oʻzbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
U quyidagilarni belgilaydi:
— inspeksiyaning maqomi va faoliyatini tashkil etish asoslari;
— vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda uning xodimlarining javobgarligi;
— transport sohasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Shuningdek, Harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglament harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning talablari hamda davlat xizmatini koʻrsatish tartibi, shuningdek, harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, roʻyxatdan qayta oʻtkazish hamda ularga roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish tartibini belgilaydi.
Qaror bilan Transport vazirligiga 2024-yil 1-noyabrga qadar harakatdagi temir yoʻl tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish axborot tizimini ishlab chiqish hamda ishga tushirish hamda 2024-yil 1-dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda axborot tizimining YAIDXP bilan integratsiya qilinishini hamda tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlari joriy etilishini taʼminlash vazifalari topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring