Oʻzbekistonda kredit reklamasida xavf-xatarlar haqida majburiy ogohlantirish joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qildilar. Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, yangi hujjat bilan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga muhim qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, hozirda mikrokreditlar boʻyicha reklama va marketing materiallari asosiy eʼtiborni mablagʻni tez va oson olishga qaratmoqda. Biroq, kelajakdagi yuqori moliyaviy majburiyatlar va ehtimoliy xavflar haqida isteʼmolchilarga yetarli maʼlumot berilmayapti.
Kreditlar, shu jumladan mikrokreditlar reklamasida kredit majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xavf-xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish boʻlishi shart.
Ushbu ogohlantirish uchun reklama maydonining (bannerlar, posterlar) yoki reklama vaqtining (video va audio roliklar) kamida 10 foizi ajratilishi belgilanmoqda.
Ushbu chora aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va fuqarolarni kutilmagan qarzdorlik muammolaridan himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring