Oʻzbekistonda xalqaro taʼlim olishga oʻnta sabab
Illyustrativ foto
Xalqaro taʼlim dargohlari haqida soʻz borganda dastavval Oʻzbekistonni eslamassiz ehtimol. Ammo bu xorijiy tahsil (study abroad) borasida ushbu mamlakatning yetarli imkoniyatlari yoʻq degani emas. Oʻzbekiston, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakati xalqaro talabalari uchun alohida ahamiyatga ega mamlakat hisoblanadi. Quyida masterstudies.com saytining bu boradagi fikrlari keltirilgan.
1. Bu oʻlka “madaniyat beshigi”
Ikki ming yildan koʻp vaqtdan buyon mintaqaning madaniyat beshigi boʻlgan Oʻzbekiston – Buyuk Ipak yoʻlining shonli oʻtmishi va maftunkor tarixi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan meʼmorchilik va qadimiy shaharlarga boy maskan.
2. Qadimiy qadamjolar yaxshi saqlangan
Oʻzbekistonning koʻplab qadimiy shaharlarida, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xivada diqqatga sazovor joylar koʻp. The Telegraph nashrining yozishicha, devor bilan oʻralgan Xiva shahri – bu tirik muzey. Shahar UNESCO tomonidan himoyalangan, shunga qaramay, u yerda hali ham oʻzbek oilalari va biznes vakillari yashaydi. U VI asrda tashkil topgan boʻlib, Buyuk Ipak yoʻli savdo shahri sifatida rivojlanib borgan – masjidlar, maqbaralar va madrasalar (diniy maktablar) oʻzlarining koʻcha labirintlariga qoʻshilgan va barchasi yaxshi saqlangan.
3. Ham milliy, ham zamonaviy shahar
Toshkent oʻzining Yevropa atmosferasi bilan tanilgan joʻshqin maskandir. U Oʻzbekistonning poytaxti va eng yirik hamda zamonaviy shaharlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u mamlakatning iqtisodiy va madaniy markazi, Markaziy Osiyoning eng boy shaharlaridan biri hamdir.
4. Markaziy Osiyoning koʻplab diqqatga sazovor joylari Oʻzbekistonda
Birgina diqqatga sazovor joylar nuqtayi nazaridan, Oʻzbekiston –Markaziy Osiyodagi eng katta yutuqqa ega yurt sanaladi, – deydi lonelyplanet.com sayti. Goʻzal va gavjum bozorlar, hayratlanarli meʼmorchilik namunalari, qadimiy ibodatxonalar va ajoyib maqbaralar... Albatta, Oʻzbekistonga sayohat hech qachon tugamaydi. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Buyuk Ipak yoʻlining Xitoydan Turkiyagacha savdo yoʻlida uchta asosiy shaharlari ham Oʻzbekistondan topilgan.
5. Mehmondoʻstligi bilan mashhur
Oʻzbek xalqi orasida mehmondoʻstlik kundalik hayotining ajralmas qismi boʻlib qolgan. Sizni uchratgan odamlar samimiy kutib olish ular uchun ezgu anʼanaga aylangan, – deya qoʻshimcha qiladi lonelyplanet.com. Xalqaro oʻquv yurtlarining-da doʻstona munosabati sizning tajribangizni oʻzgartirishi mumkin.
– Oʻzbeklar chinakam doʻstona odamlardir va ular oʻz mamlakatlari haqida sizning fikrlaringizni bilishga intilishadi, shuning uchun kichik suhbatlarga-da hamisha oshiqadilar, – deydi eveningstandart.com sayti.
6. Bu oʻlka dam olish uchun qulay
Biz odatda Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyati haqida soʻz yuritamiz. Ammo u dam olish uchun ham juda katta imkoniyatlarni taklif etadi. Boisi undagi oʻrmonlar, daryolar, choʻllar va togʻlar oʻzgacha manzara aks ettiradi. Sayr qilish, trekdan toqqa chiqish, togʻ changʻisi va snoubordda oʻynashgacha bu yerda hamma uchun juda yaxshi imkoniyatlar mavjud.
7. Jinoyatchilikning past koʻrsatkichlariga ega va ayollar uchun xavfsiz manzil sifatida tanilgan
The Telegraph nashrining taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning asosiy yutuqlaridan biri arzon ichki reyslar, katta yoʻl aloqalari va tezyurar poyezdlar xizmat qilishidir. Siz barcha shaharlarda umumiy taksi va avtobus xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Bundan tashqari, Toshkentning oʻziga xos ajralmas bezaki boʻlmish metro ham qulay jamoat transporti hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan jinoyatchilikning past koʻrsatkichlariga ega va ayollar uchun xavfsiz manzil sifatida ham tanilgan.
8. Oilaviy sayohat uchun qulay
Doʻstlar va oila davrasida sayohat uchun Oʻzbekistonni tanlash ayni muddao. Xaritada oʻz manzilingizni qatʼiy belgilab olishni birinchi vazifangiz qilib oling. Shunda siz boshqa fikrlarga chalgʻimaysiz, – deydi The Telegraph.
9. Oʻzbek taomlari bir umr yodingizda qoladi
Oʻzbek milliy taomlari ichida osh, lagʻmon, shoʻrva, shashlik, dimlama, somsa kabi taomlar mashhur. Goʻsht ushbu xalq milliy taomlari asosini tashkil etadi va taʼmi hamisha yodingizda qoladi.
10. Xorijiy taʼlim dargohlari bilan mustahkam hamkorlik mavjud
Oʻzbekistonda koʻplab xalqaro taʼlim dargohlarining filiallari mavjud. Taʼlim boʻyicha hamkorlikka koʻplab misollar keltirish mumkin. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti Oʻzbekistonning ilk xalqaro universiteti hisoblanadi. Birgina ushbu taʼlim dargohi misolida koʻrsak, Buyuk Britaniyaning taniqli Vestminster Universitetidan akkreditatsiya qilinganligi sababli talabalarga Markaziy Osiyoning yuragida yuksak xalqaro taʼlim olish imkoniyatini taqdim etadi.
Yulduz Oʻrmonova tayyorladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring