Oʻzbekistonda Face ID orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi
Oʻzbekistonda 2024-yil yakuniga qadar shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) orqali fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda 24-may kuni qabul qilingan Prezident farmonida qayd etilgan.
Farmon bilan davlat xizmatlarini koʻrsatishda ham qoʻshimcha qulaylik yaratiladi. Unga koʻra, shu yilning 1-iyulidan ID karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirishni istagan fuqarolar xohishiga koʻra Mobile ID tizimida kompozit shaklda identifikatsiya qilinadi.
Bunda davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan fuqarolarga Face ID orqali xizmat koʻrsatilgan taqdirda, ulardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi. DXM hamda notarial idoralarda Mobile ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan oʻtish bepul boʻladi.
Shuningdek, avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va hozir ham amalda boʻlgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron tarzda davlat reyestriga kiritiladi. Maʼlumotlar haqida davlat reyestridan koʻchirma berish bepul boʻladi.
Qolaversa, iyul oyilan korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilinishida ularning elektron nusxalari talab etilmaydi.
Bundan tashqari, agar fuqarolar noturar joylarni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish uchun DXMga kelsa, bitim tomonlarining shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtiriladi. Rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning oʻzida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring