Oʻzbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi
Bu haqda deputat Doniyor Gʻaniyev shunday deb yozadi:
"Kecha Vazirlar Mahkamasida Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Maxsus komissiya yigʻilishida birinchi marta bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik deputatlari ham ishtirok etdi.
Yigʻilish kun tartibida Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari muhokama qilindi.
Jamoatchilikka yaxshi maʼlumki, bugungi kunda Oʻzbekistonda Innovatsiya vazirligi boshchiligida Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda ZF-2001 rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi oʻtkazilmoqda. Hozirga qadar 3-faza klinik sinovi doirasida 6697 ta koʻngilli hamyurtimiz vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan boʻlsa, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilganlar.
Klinik sinovning dastlabki natijalariga koʻra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojoʻya taʼsirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh ogʻrigʻi) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki 0.3 %ni tashkil etgan xolos (solishtirish uchun, bu koʻrsatgich “Pfizer/Biontech«da 2-3.8 %, ”Sputnik V"da esa 0.3-0.4 %ni tashkil etgan). 2- va 3-darajali nojoʻya taʼsirlar esa kuzatilmagan.
Ushbu klinik sinovning muvaffaqiyatli natijalari ortidan Innovatsiya vazirligi Oʻzbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.
Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida Oʻzbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek, mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Maxsus komissiya raisiga koʻra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalarimiz bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaksinasini joriy yilda 300 mln. donagacha ishlab chiqishi va yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, Hukumat rahbari Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan Oʻzbekistonga 2.5mln. ga yaqin Astra-Zeneca vaksinalarini bepul yetkazib berilishi boʻyicha ham muzokaralar yakunlanayotganini maʼlum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida Oʻzbekistonga keltirilishi kutilmoqda.
Umuman olganda, Oʻzbekiston hukumati aholini katta qismini, birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat koʻrsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, oʻqituvchi, IIO xodimlari va hokazo) joriy yil oxirigacha koronavirusga qarshi vaksina bilan toʻliq emlashni oʻz oldiga maqsad qilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda yaʼni byudjet mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Jahonni eng rivojlangan, boy davlatlarida ham emlash ishlari sust ketayotgan bir paytda Oʻzbekiston hukumati tomonidan bu borada aniq manzilli ishlarni amalga oshirish boʻyicha harakatlar boʻlayotgani ham quvonarli, ham faxrlanarli holat, deb hisoblayman".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring