Oʻzbekistonda 2024-yil davomida qancha odam ozodlikdan mahrum qilingan?

14:46 12 Fevral 2025 Jamiyat
419 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi 2024-yil davomida koʻrib chiqilgan jinoyat ishlari boʻyicha hisobotini eʼlon qildi.

Maʼlum qilinishicha, 2024-yilda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 77 995 nafar shaxsga nisbatan 61 481 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan. Shundan 20 659 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish va 39 763 nafariga esa boshqa turdagi jazolar tayinlangan.

“Sudlangan shaxslarning 54 370 nafari erkak, 7 132 nafari ayol, 22 757 nafari yoshlar (shu jumladan 2 214 nafari voyaga yetmagan) va 2 637 nafari 60 yoshdan oshgan fuqarolardir” deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 7 956 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan. 33 151 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi. 11 581 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 14 991 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalangan.

Hisobot davrida koʻrilgan jinoyat ishlarning aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, oʻgʻrilik, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bezorilik, qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlar tashkil etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер