Oʻzbekiston–Yaponiya: hamkorlikni rivojlantirish uchun parlamentlar imkoniyatlaridan keng foydalaniladi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Joriy yilning 5-yanvar kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Yaponiyaning Oʻzbekistonda yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Xususan, parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishi ekani taʼkidlandi, shu nuqtayi nazardan ikki tomonlama aloqalar va oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Bunda parlamentlar oʻrtasidagi doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, oʻzaro tashriflarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, suhbat chogʻida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari oʻrtasida amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida aniq dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish boʻyicha kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring