Oʻzbekiston va Janubiy Koreya transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi yangi loyihalarni muhokama qilmoqda
Koreya Respublikasida boʻlib turgan transport vaziri oʻrinbosari Ilhomjon Abdugʻaforov boshchiligidagi ishchi guruh ikki mamlakat oʻrtasida transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Hyundai Rotem”, “KEC Corporation”, “Cheil Engineering” va “Dohwa Engineering” kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, muzokaralar davomida Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy tezyurar poyezdlarning texnik imkoniyatlari va ularning oʻziga xos jihatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasi grant mablagʻlarini jalb etgan holda Integratsiyalashgan jamoat transportini monitoring qilish markazini tashkil etish, Toshkent – Samarqand tezyurar temir yoʻlini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish, yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Ishchi guruh vakillari tashrif davomida KEC korporatsiyasining pullik avtomobil yoʻllarini onlayn monitoring qilish markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring