Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi strategik muloqot rivojlanmoqda

22:32 04 Oktyabr 2023 Siyosat
481 0

Ayni kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Qatar davlatining poytaxti Doha shahrida boʻlib turibdi. Bugun vazir oʻrinbosari S. Buzrukxonov Qatar taʼlim va oliy taʼlim vaziri Buseyna binti Ali Al Nuaymin bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻtkazilgan muzokaralar taʼlim, fan va texnologik innovatsiyalarning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikka asos boʻladi. Xususan, tomonlar oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar yoʻnalishlaridagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Vazir oʻrinbosari S.Buzrukxonov hamda Qatar taʼlim va oliy taʼlim vaziri Buseyna binti Ali Al Nuaymin Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot davomida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy amaliyotlar, simpoziumlar va konferensiyalar tashkil etish borasida kelishuvga erishildi. Shuningdek, tomonlar sunʼiy intellekt, biotexnologiya, ekologiya va yashil energiya sohalarida qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga ham toʻxtalishdi.

Uchrashuv yakunida hukumatlar oʻrtasida oliy taʼlim, fan va texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlar rejasi imzolash boʻyicha kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер