Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida 400 million dollarlik kelishuvlar imzolandi
Foto: “Ariananews”
Fargʻona viloyatida boʻlib oʻtgan biznes forumida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida 400 million dollarlik kelishuvlar imzolandi. Bu haqda “Ariananews” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afgʻoniston savdo delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida oʻtgan uchrashuvlarda ikki davlat xususiy sektor vakillari turli savdo va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Umumiy qiymati 400 million dollardan ortiq 20 ta savdo shartnomasi toʻqimachilik, xomashyo, farmatsevtika va boshqa muhim sanoat sohalarini qamrab olgan.
Taʼkidlanishicha, Afgʻoniston delegatsiyasiga mamlakat Savdo-sanoat palatasi rahbarining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Zalgay Azimiy boshchilik qilgan. Delegatsiya tarkibiga Abdulloh Rahimiy, Sayid Ahmad Nurzad, Ubaydulloh Hotak va Mirzaman Popal kabi taniqli biznes vakillari ham kirgan.
Muzokaralar davomida ishtirokchilar chegaralararo savdoni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash muhimligini qayd etgan.
“Bu kelishuvlar Afgʻoniston uchun juda muhim bir paytda amalga oshirildi. Chunki mamlakat uzoq yillik mojarolar va iqtisodiy qiyinchiliklardan keyin iqtisodiyotini tiklashga harakat qilmoqda”, deya qayd etilgan materialda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Afgʻonistonni mintaqaviy savdo yoʻlaklariga ulashga qaratilgan infratuzilma loyihalarini ham qoʻllab-quvvatlab kelayotganiga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Tomonlar geografik yaqinlikdan samarali foydalanib, uni kuchli iqtisodiy hamkorlikka aylantirishga intilayotganiga eʼtibor qaratilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring