Oʻzbekiston – umumiy uyimiz!
Foto: Xalq so‘zi
Shu kunlarda yurtimiz boʻylab Mustaqilligimizning 31 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Ana shunday tantanalardan biri Andijon viloyatining Boʻston tumanida tashkil etildi.
“Oʻzbekiston –umumiy uyimiz!” shiori ostida oʻtgan tadbirda tumanda istiqomat qilayotgan oʻnlab millat vakillari ishtirok etdilar. Tadbir qatnashchilarining, garchi millati, tili, eʼtiqodi turlicha boʻlsada, maqsadi yagona ekanligi ularning har bir chiqishida, kuy-qoʻshiqlarida oʻz ifodasini topdi.

Ayni paytda tumanda 74 ming 720 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 5 ming nafardan ortigʻini rus, ukrain, qirgʻiz, tojik, koreys, turkman, tatar millati vakillari tashkil etadi. Ayniqsa, Navroʻz, Koʻxinur, Doʻstlik va Boʻston mahallalarini internatsional manzillar, desak xato boʻlmaydi. Boʻstonning chin maʼnoda boʻstonga aylanishida har bir millat vakilining munosib xizmati bor, albatta.

— 1973-yilda oliygohni tamomlab, yoʻllanma bilan Boʻston tumaniga ishlash uchun kelganman, — deydi “Boʻston” MFYda istiqomat qiluvchi Liliya Xadjamova. — Millatim ukrain, kasbim oʻqituvchi boʻlgani bois maʼlum muddatdan soʻng yurtimga qaytib ketishim yoki oʻzim maqbul koʻrgan boshqa davlatda yashash va mehnat qilishga imkon topishim mumkin edi. Men esa unday qilmadim. Boisi, mana shunday tabiati soʻlim, insonlari oqibatli yurtni boshqa joydan topa olmasligimga ishondim. Bu yerda baxtimni topdim, oila qurdim, farzandlar tarbiyaladim, minglab shogirdlarga ustozlik qildim. Oʻzbekiston bilan faxrlanaman, u mening Vatanimdir!
Tadbir davomida har bir millat vakillari oʻz madaniyatini, urf-odatini, oshxonasi va milliy kiyimlarini namoyish etdilar.
Saminjon Husanov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring