Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi

11:42 08 Noyabr 2023 Siyosat
242 0

Majlisda «2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqilmoqda.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼruza qilyapti.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat”, deb alohida mustahkamlab qoʻyildi. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida ham “ijtimoiy davlat” tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etishga oid bir qator vazifalar belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil uchun Davlat byudjetining asosiy yoʻnalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilib, unda Davlat byudjeti daromadlarini koʻpaytirish, xarajatlarini optimallashtirish boʻyicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilinib, ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, bildirilgan fikrlar asosida 2024-yil uchun byudjet loyihasi Hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Oʻtgan vaqt mobaynida qonun loyihasi muhokamasida inson kapitali rivojlanishiga doir xarajatlar ustuvorligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaning manzilligini kuchaytirishga oid dasturlarni moliyalashtirish, birinchi darajali byudjet mablagʻlari taqsimlovchilarga ajratilgan mablagʻlar, tashabbusli byudjet jarayonlarini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadliligi va asoslantirilganligi atroflicha muhokama qilindi.

Qonun loyihasida konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari va xarajatlarining oʻrta muddatli davr uchun prognozlari, davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan xarajatlar, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlari, davlat qarzi, Davlat byudjeti xarajatlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tahlili oʻz aksini topgan.

2024-yilda Davlat byudjeti daromadlari 270,6 trln. soʻmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20,8 foizni yoki 2023-yil tasdiqlangan rejaga nisbatan 37,5 trln. soʻmga oshishi kutilmoqda.

Kelgusi yil buning uchun mustahkam soliq bazasini yaratish hamda tadbirkorlik faolligini oshirish maqsadida foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, yuridik shaxslar mol-mulk soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoldirilmoqda. Qoʻshimcha qiymat soligʻi “zanjiri”ni tiklashga qaratilgan choralar hamda soliq imtiyozlarini bekor qilish orqali barcha tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер