Oʻzbekiston professional taʼlimida oʻqitishning dual tizimi tashkil etilishi mumkin

14:13 25 Avgust 2020 Jamiyat
6931 0

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlimida oʻqitishning dual tizimini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlimida oʻqitishning dual tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanadi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Nizom loyihasiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar hamda oliy taʼlim muassasalari tegishli kasb (mutaxassislik)lar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarga boʻlgan ehtiyoj asosida dual taʼlim joriy etiladigan korxona (tashkilot)larni aniqlaydi va roʻyxatini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etadi.

Bunda, mustaqil faoliyat koʻrsatuvchi korxona (tashkilot)lar dual taʼlim joriy etish boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taklif kiritishlari mumkin.

Dual taʼlim tashkil etiladigan professional taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi. Dual taʼlim tashkil etilishi koʻzda tutilayotgan taʼlim muassasalari imkoniyatlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan ekspertlar ishtirokida oʻrganilishi mumkin.

Kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan oʻquvchilar dual taʼlimga oʻqishini koʻchirish taqiqlanadi. Shuningdek, Taʼlim muassasasi va korxona (tashkilot) oʻrtasida yoki korxona (tashkilot) va oʻquvchi (lar) oʻrtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinganda oʻquvchi(lar) oʻqishi mos taʼlim darajasidagi kunduzgi taʼlim shakliga oʻtkaziladi.

Dual taʼlimda oʻquvchilar toʻlov-kontrakt yoki davlat buyurtmasi boʻyicha davlat granti asosida taʼlim olishlari mumkin.

Toʻlov-kontrakt miqdori tizimida Taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Loyihada bildirilishicha, dual taʼlimni tashkil etishning maqsad – Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish, yirik va kichik biznes subyektlarida aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash hamda kambagʻallikni qisqartirish uchun mehnat faoliyati bilan taʼlimni uygʻunlashgan holda tashkil etish orqali malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi.

Maʼlumot uchun: Dual taʼlim – taʼlim dasturining nazariy, oʻquv-amaliy qismi professional taʼlim muassasasida, malaka hamda kompetensiyalarni shakllantirish boʻyicha ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qism korxona (tashkilot)da tashkil etiladigan oʻqitish turi;

Dual taʼlim dasturi esa taʼlim muassasasi va korxona (tashkilot)da bitiruvchiga muayyan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha kasbiy faoliyatni malakali bajarishga qaratilgan professional taʼlim tayyorgarligining asosiy mazmunini belgilovchi taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv reja, oʻquv dastur (modul)lari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar toʻplamidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер