Oʻzbekiston Prezidentining sovgʻasi Afgʻonistonga topshirildi

19:04 19 Noyabr 2018 Siyosat
1668 0

Kobul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobusni Afgʻoniston Islom Respublikasi Oliy taʼlim vazirligiga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, davlatimiz rahbarining afgʻon xalqiga tuhfasini mamlakatimizning mazkur davlatdagi elchisi topshirdi.

Marosimda soʻzga chiqqan vazirlik va idoralarning rasmiy vakillari barcha sohadagi Afgʻoniston — Oʻzbekiston munosabatlarining sezilarli darajada faollashganini, bu, avvalo, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va qoʻshni Afgʻoniston bilan doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan siyosat bilan chambarchas bogʻliqligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

— Savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, Afgʻonistonga yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashish va uni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayonlariga jalb etish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga qaratilgan Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari yuksak eʼtirofga loyiq, — dedi Afgʻoniston Islom Respublikasi transport vaziri Muhammad Hamid Tahmasiy.

Oliy taʼlim vaziri Najibulla Xoʻja Omariy Oʻzbekiston Prezidentiga afgʻon xalqiga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor uchun chuqur minnatdorchilik izhor etib, ushbu saʼy-harakat Oʻzbekistonning Afgʻoniston xalqiga doʻstona munosabatining yorqin namunasi ekanligini bildirdi.

— Biz xalqimizning ehtiyoj va orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga qoʻshayotgan hissasi uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz, — deydi Afgʻoniston moliya vaziri oʻrinbosari Abdulla Raqibiy. —Oʻylaymizki, ikki tomonlama munosabatlarimiz bundan keyin ham barcha sohada izchil rivojlanib, ravnaq topib boraveradi.

O. LUTFULLAYEV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер