“O‘zbekiston — keng ko‘lamli islohotlar mamlakati”

09:35 20 Iyun 2018 Iqtisodiyot
1670 0

Xitoydagi mashhur “Psearcher” jurnalining maxsus soni ana shunday nomda chop etildi.

Jurnalning serjilo sahifalarida O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotidagi keng qamrovli islohotlar haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, davlatning demokratik asoslarini mustahkamlash borasida erishilayotgan yutuqlarga ham yuqori baho berilgan.

Materiallarda O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati, biznesga xalaqit berayotgan ma’muriy to‘siqlarga bosqichma-bosqich barham berish, tadbirkorlarga kreditlar ajratishning soddalashtirilgan jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili instituti faoliyati to‘g‘risidagi yangilik ham jurnalxonlar e’tiborini tortishi, shubhasiz.

Nashrda O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari — ta’lim, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohalari rivoji xususida xabar berilar ekan, o‘quvchilar fuqarolik jamiyati institutlarining shakllanish jarayonlari, so‘nggi yillarda millatlararo totuvlik va ahillikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar bilan tanishtiriladi.

Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning faolligini rag‘batlantirish va davlat organlari bilan muloqot mexanizmlarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga ham to‘xtalib o‘tilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis qilingan Xalq qabulxonalarining samarasi haqli e’tirof etilgan.

Jurnalning alohida bo‘limida o‘zbek xalqining ko‘p asrlik udumlari va an’analari, mamlakatning yuksalib borayotgan sayyohlik salohiyati haqida hikoya qilinadi. O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, amaliy san’at namunalari, milliy oshpazlik hamda pazandalik san’atimiz chiroyli tarzda tasvirlangan.

O. LUTFULLAYEV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер